O‘zbekistonda 213,1 ming kishiga bir nafar deputat to‘g‘ri keladi. Buni oddiy arifmetik yo‘l bilan aniqlash mumkin. O‘zbekiston aholisi soni (2017 yil ma'lumotiga ko‘ra 32 milliondan oshiq) Qonunchilik palatasi deputatlar soniga bo‘linsa (deputatlar soni 150 nafar), 213 ming 233 soni kelib chiqadi.

2010 yil martidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari soni 120 nafardan 150 nafarga oshirilgandi. Qonunchilik palatasining 135 nafar deputati hududiy bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ko‘ppartiyaviylik asosida umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanadi. O‘zbekiston ekologik harakatidan Qonunchilik palatasining 15 deputati mazkur harakatning oliy organi (Konferentsiyasi) tomonidan saylanadi.

Taqqoslash uchun Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida bu borada o‘rtacha ko‘rsatkich 1 deputatga 54 ming kishi.

Jumladan, qit'aning yetakchi davlatlaridan biri bo‘lmish Germaniyada Bundestagning bir deputatiga 123 ming kishi to‘g‘ri keladi. Maltada esa 6683 kishidan biri deputat.

Aholisi soni 50-80 million atrofida bo‘lgan Ispaniya, Fransiya, Polsha va Italiya kabi davlatlarda o‘rtacha ko‘rsatkich 70 mingga 1. Germaniya parlamentida (aholi soni - 80 million kishi) 667 deputat ishlaydi, Fransiyada (66 million) – 925, Buyuk Britaniyada (65 million) – 1449, Italiyada (61 million) – 952, Ispaniyada (46 million kishi) – 616 deputat ishlaydi.

O‘zbekistonda deputat kim?

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, saylov kuni 25 yoshga to‘lgan hamda kamida 5 yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Qonunchilik palatasining deputati bo‘lishi mumkin. 5 yil muddatga saylanadi.

Qonunchilik palatasi deputatlari o‘z vakolatlari davrida ilmiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishlari mumkin emas.

Qonunchilik palatasi deputati daxlsizlik huquqidan foydalanadi. U Qonunchilik palatasining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tomonidan beriladigan ma'muriy jazoga tortilishi mumkin emas.