Sport | 10:26 / 21.02.2017
8367
3 daqiqa o‘qiladi

«Mourinoning «Real»i omadsizlar jamoasi edi». Alveshdan «tonnalab haqiqatlar»

«Barselona» sobiq futbolchisi, hozirda «Yuventus» sharafini himoya qilayotgan Dani Alvesh ABC uchun bergan intervyusida bir qator shov-shuvli fikrlarini aytib o‘tdi

«Barselona»dan ketishi haqida
«Meni yaxshi ko‘rishsa, jamoada ko‘rishlarini istashsa bu menga yoqadi. Agar yaxshi ko‘rishmasa men ketaman. «Barselona»dan tekinga, erkin agent sifatida ketishim mantiqan eng to‘g‘risi bo‘lgandi. «Barselona» rahbariyatida o‘ta yolg‘onchi va noinsof odamlar ishlashadi».

Ronaldu bilan ziddiyat haqida
«Men va Krishtianu o‘rtasida nizo bo‘lgani haqidagi gapni – jurnalistlar o‘ylab topgan. Men  Ronalduni va uning oilasini qattiq hurmat qilaman, ammo jurnalistlar mening so‘zlarimni bo‘rttirib ko‘rsatishgan. Xuddiki, men Messi va Neymarga sig‘inamanu, Ronalduni yerga uraman. Afsuski, Krishtianu o‘shanda OAVga aldangandi. Ammo hozir barchasi joyida».

Musiqachilik faoliyati haqida
«Futboldan keyin men professional ravishda musiqa bilan shug‘ullanaman. Menga bu juda yoqadi  – balki men o‘tgan hayotimda hamisha sahnada bo‘lgandirman».

Irqchilik haqida
«Menga kimdir meni qora deb atashi ahamiyatsiz. Men odamlar bir-biridan terisi rangi bilan farq qilishini sezmaganman. Agar sen bunga e'tibor qaratsang, irqchilik komiga kirasan. Irqchilik – jamiyat muammosi, bunga qarshi kurashmoq kerak».

Mourino davridagi «Real» haqida
«Menga o‘sha jamoa haqida eslash og‘ir. Mourino jamoasida qo‘rqoq omadsizlarni shakllantirgandi. Ular yutqazishdan juda qo‘rqishar va juda iflos o‘ynashardi».

«Ko‘k-anorranglilar» jamoasida Dani Alvesh 6 marta Ispaniya chempioni, 4 marta Qirol Kubogi sohibi, 4 marta Ispaniya Superkubogi sohibi bo‘lgan, 3 marta YeChL, 3 marta UYeFA Superkubogi va 3 marta klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan, jami 23 sovrin.

Mavzuga oid