Sport | 17:36 / 26.02.2017
8189
2 daqiqa o‘qiladi

«Lokomotiv» bosh murabbiyi OChLdagi vaziyatni o‘nglash uchun zarur jihatni gapirib o‘tdi

Osiyo chempionlar ligasining 2-turi doirasida «Lokomotiv» - «Al-Ahli» (BAA) uchrashuvi oldidan «temiryo‘lchilar» bosh murabbiy Andrey Miklyayev o‘yin borasida fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. 

«Ertangi o‘yindagi mas'uliyatni yaxshi his qilib turibmiz. Birinchi turda yaxshi o‘ynashimiz, mag‘lub bo‘lmasligimiz mumkin edi. Ammo futbol shunaqa o‘yin, bitta xato qimmatga tushadi. Endi yo‘qotilgan ochkoning o‘rnini to‘ldirishimiz kerak. «Al-Ahli» jamoasi so‘nggi o‘yinlarda kam yutqazmoqda. Jamoa ko‘p gol urmaydi, shu bilan birgalikda, kam gol o‘tkazadi. O‘ylaymanki, bu jamoani mag‘lub eta olamiz. Vaziyatni o‘nglash uchun biz faqat g‘alaba qozonishimiz kerak.

Ertaga jamoa hujumkor o‘yin ko‘rsatishi haqida o‘ylayapmiz. Birinchi bahsda hujumdagi o‘yinimiz yaxshi chiqmadi. Ko‘p vaziyat yarata olmadik. Buning ustida ishlayapmiz. Ertaga ko‘proq hujum qilib, gol urishga harakat qilamiz. Hujumchilarimizda kichik jarohatlar borligi sababli birinchi o‘yinda Masharipovni hujumda o‘ynatishga qaror qildik. Ertaga esa ko‘ramiz. Safimizda nominal hujumchilar ko‘p emas. Ertaga nominal hujumchini maydonga tushirsak kerak. Umuman birinchi o‘yinda tarkib borasida ayrim muammolarga duch keldik. Shu haqida gapirmoqchi edim. Aliboyev tizzasidagi jarohat tufayli 2-3 haftadan beri shug‘ullanmayapti. Bundan tashqari Diyor Turopov va Bobojonovda jarohatlar bor. Bu futbolchilar ertaga maydonga tushishmaydi», deya Miklyayevning so‘zlarini keltiradi Stadion internet-nashri.

Mavzuga oid