Iqtisodiyot | 00:22 / 02.03.2017
11745
2 daqiqa o‘qiladi

"O‘zbekiston temir yo‘llari" 2017 yilda 49 ta investitsion loyihani amalga oshiradi

"O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ 2017 yilda 49 ta, jumladan "Toshkent mexanika zavodi" AJ negizida 24 investitsion loyihani amalga oshiradi.

Loyihalar O‘zbekistonning 2017 yilga mo‘ljallangan investitsion dasturi doirasida amalga oshiriladi.

Kompaniya joriy yilda barcha moliyalashtirish manbalari hisobiga 815,76 mln dollar, jumladan davlat byudjyetining 85,34 mln, O‘zbekiston rekonstruksiya va taraqqiyot bankining 145,17 mln va jalb qilingan 114,8 mln dollarni o‘zlashtiradi.

Yana 168,07 mln dollar O‘zbekiston hukumatining kafolati bilan olinadigan xorijiy investitsiyalar hisobiga o‘zlashtiriladi. 

"O‘zbekiston temir yo‘llari" loyihalarni moliyalashtirish uchun o‘z mablag‘laridan 414,95 mln dollar yo‘naltiradi.

2017 yilda Buxoro-Misken temir yo‘li qurilishi, Qarshi-Termiz temir yo‘l qismini  elektrlashtirish bo‘yicha ishlarni yakunlash, Pop-Namangan-Andijon temir yo‘l qismini elektrlashtirishni boshlash, Toshkent metrosining Yunusobod va Sergeli liniyalarini qurish, ekskavator va gusenitsali texnika ta'mirlanuvchi yangi zavod qurish, ko‘mir briketlarini ishlab chiqarishni tashkillashtirish, To‘raqo‘rg‘on mexanika zavodi ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiyalash, ikkita tezyurar Talgo-250 elektropoyezdini olib kelish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, 27 ta lokomotiv, 1483 ta yuk vagonini ta'mirlash va tiklash, 800 ta yuk va 15 ta yo‘lovchi vagonini qurish hamda 180 km lik temir yo‘lni tiklash mo‘ljallangan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid