Axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishi jamiyatda kechayotgan jarayonlarga ijobiy ta'sir ko‘rsatib, islohotlar samaradorligini oshiradi, aholi manfaatlarini ta'minlashga xizmat qiladi, yangidan-yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Shu nuqtai nazardan aytganda, bugun “Elektron hukumat” degan tushuncha kundalik turmushimizdan chuqur o‘rin egallamoqda. Garchi respublikamiz aholisining hammasi ham bu haqda to‘liq ma'lumotga ega bo‘lmasa-da, vaqt o‘tishi bilan ushbu tizim jamiyat hayotining butun jabhasini qamrab olishini dunyo tajribasi ko‘rsatayapti.

Ta'kidlash joizki, “Elektron hukumat” atamasini an'anaviy hukumat tushunchasi bilan adashtirmaslik lozim. Mohiyatiga ko‘ra, mazkur tizim mamlakat miq­yosida ma'muriy tartib-­taomillarni avtomatlashtiradi, davlat boshqaruvi ­samaradorligini oshirishga hamda ortiqcha sarf-xarajatlarning ­qisqarishiga ­zamin yaratadi.

Imkoniyatlarni kengaytirish — asosiy maqsad

Elektron hukumat fao­liyati uch yo‘nalishda belgilangan. Ya'ni ­“davlat — ­davlat”, “davlat — biznes” va ­“davlat — fuqaro” yo‘nalishlarini qamrab oladi. Bu tizim ­idoralararo darajada ­davlat muassasalari o‘rtasida axborot almashish samaradorligini hamda joy­larda rejalashtirish va ­boshqaruvning sifatini yuksaltirishga xizmat qiladi. Jamoatchilik fikrini muntazam monitoring etib borish hamda unga ta'sir ­ko‘r­satish imkonini beradi. Davlat va biznes munosabatlarida esa ma'muriy tartib-taomillar av­tomat­lashti­riladi. Natijada biznesni ro‘yxatga olish, soliq hamda statistika hisobotlarini, bojxona deklaratsiyalarini topshirishda tadbirkorlarning vaqti va mablag‘i tejaladi. Elektron hukumat xalq bilan muloqot uchun qo‘­shimcha mexanizm­larni ­yaratish, ­davlat organlari ­faoliyatining samaradorligi, tezkorligi hamda shaffofligini ta'minlashga qaratilgan bo‘lib, ijro ­intizomini ­yanada mus­tah­kam­laydi.

Aytish kerakki, davlat boshqaruvi tizimiga “yagona darcha” tamoyilini joriy qilish ham ustuvor vazifalardan sanaladi. 2013 yili mamlakatimizda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali ishga tushirildi. Joriy yilning mart oyiga kelib esa ushbu portalda 308 ta elektron xizmat joriy etildi. Bunda xizmatlar axborot (oflayn), yarimavtomat, avtomatlashtirilgan va interaktiv ko‘rinishlarda taqdim qilinayapti. Portal Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi, ID.UZ identifikatsiya tizimi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq banki axborot tizimlari hamda resurslariga, normativ-huquqiy hujjatlar ta'sirini baholash tizimi portali (https://regulation.gov.uz)ga hamda “Tadbirkorlik” tizimiga ulangan. Hozirgi kunda “yagona darcha” axborot tizimi, yagona identifikatsiyalash axborot tizimiga integratsiyalash bo‘yicha ishlar olib borilayapti.