Davlat bojxona qo‘mitasining Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan kosmetika va parfyumeriya vositalarining bozori chaqqonligidan foydalanib, mo‘may daromad orttirishga uringan soxta tadbirkorlarning qing‘ir qilmishlarini fosh qilishdi.
Parfyumeriya va kosmetika vositalarining noqonuniy olib o‘tilishi bu kabi mahsulotlar tarkibida kimyoviy moddalar juda katta miqdorni tashkil qilishini, boz ustiga ularning zararli hisoblangan kontrafakt nusxalari yoyilayotganligini inobatga olsak yurtdoshlarimiz salomatligi uchun jiddiy tahdid ekanligi oydinlashadi.
Ta'kidlash joizki, mamlakatimizga olib kirilayotgan parfyumeriya va kosmetika vositalari davlat tilida markalanishi shart. Shuningdek, bu turdagi tovarlar majburiy tartibda sertifikatlanadigan mahsulot turlari ro‘yxatiga ham kiritilgan.
Shunga qaramay, sifati kafolatlanmagan va tegishli hujjatlari bo‘lmagan bu kabi tovarlarni olib o‘tishga bo‘lgan urinishlar ko‘zga tashlanmoqda.

Jumladan,Toshkent shahar bojxona boshqarmasi “Keles” temir yo‘l chegara bojxona posti xodimlari “Chelyabinsk-Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha kirib kelgan yo‘lovchi poyezdida bir qator xorijiy shaxslarning bojxona qoidabuzarliklarini fosh qilishdi.
Rossiyalik N.Gorkusha, B.Seidov, A.Murtazin va N.Romanyuklar respublikamizga kirib kelishar ekan, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida va bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida ma'lum qilmasdan turib, qiymati 27,2 mln. so‘mlik 1000 donadan ortiq kosmetika va parfyumeriya vositalarini olib kirishga urinishgan paytda to‘xtatib qolindi.
Shuningdek, mazkur postda “Almata-Nukus” yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezdi orqali kirib kelgan qo‘shni davlat fuqarosi J.Usmanov umumiy qiymati dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra 21 mln. so‘mdan ortiq bo‘lgan 7 turdagi atirlarni noqonuniy ravishda olib kirishga uringani fosh qilindi.
Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Bosh pochtamt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari pochta jo‘natmalari orqali ham kosmetika va parfyumeriya vositalarining noqonuniy ravishda jo‘natilishiga doir bir nechta qonunbuzarlik holatlarini aniqlashdi.
Turkiyadan poytaxtlik N.Yarmatov nomiga yuborilgan pochta jo‘natmasi o‘rnatilgan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda unda yo‘l-yuk hujjatlarida ko‘rsatilmagan qiymati 7,5 mln. so‘mlik 75 dona parfyumeriya vositalari borligi ma'lum bo‘ldi.
















