Jahon | 12:48 / 24.03.2017
3780
2 daqiqa o‘qiladi

14 ta davlat Venesuelaning Amerika davlatlari tashkilotidan istisno qilinishini qo‘llab-quvvatlamadi

Amerika davlatlari tashkilotiga (ADT) kiruvchi 14 ta davlat hukumati Venesuelaning ittifoqdagi a'zoligini to‘xtatish taklifini barvaqt bildirilgan deb hisoblamoqdalar. Bu haqda Argentinaning tashqi va din ishlari bo‘yicha vazirligining qo‘shma bayonotida aytilgan.

"Biz ADT bosh kotibining Venesuela bo‘yicha ma'ruzasini oldik. Biz tashkilot ichidagi harakatlar rejasi bo‘yicha kelishib olish uchun bu hujjatni sinchkovlik bilan o‘rganmoqdamiz. Bunga qaramasdan, biz Venesuelaning ittifoqda a'zoligini to‘xtatishni oxirgi chora deb baholaymiz va bu qaror ma'lum vaqt ichida barcha diplomatik sa'y-harakatlar foyda bermagandan keyin qabul qilinishi kerak", deyilgan hujjatda.

Shu bilan birga hujjatda Argentina, Braziliya, Kanada, Chili, Kolumbiya, Kosta-Rika, AQSh, Gvatemala, Gonduras, Meksika, Panama, Paragvay, Peru va Urugvay hukumatlari "qardosh Venesuela boshidan kechirayotgan vaziyatdan chuqur xavotirda ekanliklari" aytilgan. Bu davlatlar hukumatlari Venesueladan "siyosiy mahbuslarni ozod qilish", "Milliy assambleya qarorlarining qonuniyligini tan olish" hamda saylovlar o‘tkazilishi muddatlarini belgilashni talab qilishmoqda.

O‘tgan haftada ADT bosh kotibi Luis Almagro Venesuelada qisqa muddatlarda umumiy saylovlar o‘tkazilmasa, mamlakatning tashkilotdagi a'zoligi to‘xtatilishiga chaqirgandi.

2015 yil dekabrda parlament saylovlarida "Demokratik birlik bloki" muxolifat partiyasi yutgandan keyin Venesuela keskin siyosiy inqirozni boshdan kechirmoqda.

2017 yil yanvar boshida Venesuela parlamenti mamlakat prezidenti Nikolas Maduroning "iste'foga ketishi haqidagi" rezolyutsiyani qabul qilgandi. Biroq mamlakat oliy sudi bu hujjatni noqonuniy deb topgan. Shu oyning oxirida "Demokratik birlik bloki" hukumatni avval erishilgan kelishuvlarni bajarmaslikda ayblab, u bilan batamom muloqot qilishni to‘xtatishini ma'lum qilgan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid