O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning taklifiga binoan 22-23 mart kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.
Shavkat Mirziyoyev Nursulton Nazarboyev bilan uchrashuv chog‘ida Toshkent va Ostona munosabatlarida yangi sahifa boshlanganini ta'kidladi.
Tor doirada va kengaytirilgan tarkibda o‘tgan uchrashuvlar davomida Nursulton Nazarboyev va Shavkat Mirziyoyev «do‘stlik va hamkorlik ko‘priklari» ikki xalq o‘rtasida O‘zbekistonning birinchi prezidenti davridayoq o‘rnatila boshlanganini tilga olib o‘tishdi.
Shavkat Mirziyoyev mamlakatlar o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik munosabatlari tobora mustahkamlanib borayotganini ta'kidladi.
«O‘zbekiston va Qozog‘iston yaqin qardosh, asrlar davomida sinalgan sheriklardir. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov vafotidan keyingi og‘ir damlarda bu yaqinlik yana bir bor namoyon bo‘ldi. Xalqimiz Qozog‘iston xalqi hamdardligini, qo‘llab-quvvatlaganini chuqur his etdi va buni hech qachon unutmaydi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik yuksak ishonch va o‘zaro hurmat asosida rivojlanmoqda. Turli darajadagi aloqalar faollashgani mamlakatlarimizning ko‘p qirrali munosabatlarni kengaytirishdan manfaatdor ekanining tasdig‘idir», – dedi prezident.
Nursulton Nazarboyev Shavkat Mirziyoyevni Qozog‘istonga davlat tashrifi bilan qutlab, bu ikki davlat o‘rtasidagi muloqotlarning izchil davomi, tomonlarni qiziqtirgan masalalarni muhokama etish uchun qulay imkoniyat ekanini ta'kidladi.
«Sizning tashrifingiz Navro‘z bayrami kunlariga to‘g‘ri kelgani qadamingiz qutlug‘ ekanidan dalolatdir. Qozog‘iston bilan O‘zbekiston munosabatlari har doim do‘stona va samarali bo‘lgan. O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti, mening qadrdon do‘stim Islom Karimov ulkan hissa qo‘shgan bunday yaqin hamkorlikni Siz bilan izchil davom ettirmoqdamiz. Keyingi oylarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo aylanmasi 30 foiz o‘sgani, o‘zaro yangi mahsulotlar yetkazila boshlagani buning tasdig‘idir. Tashrifingiz doirasida o‘tgan biznes-forumda qariyb 1 milliard dollarlik kelishuvlarga erishilgan. Sizning ushbu tarixiy tashrifingiz mamlakatlarimiz hamkorligini yangi bosqichga ko‘taradi», – dedi Qozog‘iston Prezidenti.








