12:05 / 23.03.2017
40971

Nazarboyev Mirziyoyevga: Biz sizga suyanamiz

Foto: Tengrinews.kz

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Oqo‘rdada O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyeyovni qabul qildi.

«Men Qozog‘iston zaminida turib sizni qutlayman. Biz sizni kutgandik. Bu sizning prezident sifatidagi ilk tashrifingiz. Siz bizning strategik hamkorimiz, qo‘shnimiz, birodarimizsiz. Qozog‘iston xalqi O‘zbekistonga farovonlik va ravnaq tilaydi.

Kelajak, iqtisodiy o‘sish, madaniy-gumanitar masalalarda biz O‘zbekistonning hamkorligiga umid qilamiz, bu borada shaxsan sizga suyanamiz. Sizning tashrifingiz muvaffaqiyatli bo‘lishi uchun biz tomondan barcha ish qilinadi», - deya Qozog‘iston prezidentining so‘zlarini keltirgan Tengrinews.kz.

U oldindagi muzokaralar davomida 75ta shartnoma tuzilishi haqida qo‘shimcha qilgan.

«Muzokaralarni kechaning o‘zida boshlab yubordik. Chegaralarni ochish bo‘yicha ishlar bajarildi, transport va savdo sohasidagi o‘zgarishlar davlatlarimiz o‘rtasidagi mahsulot ayirboshlash hajmini oshirmoqda. Yangi turdagi mahsulotlarni yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi. 

Bugun katta biznes-forum bo‘lib o‘tmoqda, ikki tomondan 500 biznesmen qatnashmoqda. Menga aytishlaricha, qariyb 1 milliard dollarlik 75 ta shartnoma tuziladi. Bu so‘nggi yillar ichida tariximizda birinchi marta kuzatilmoqda», — degan Nazarboyev.

U Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalarga O‘zbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimov davrida poydevor qo‘yilganini ta'kidlab o‘tgan.

«Asosiy aloqalar men va O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov tomonidan yo‘lga qo‘yilgandi.  U mening katta do‘stim edi. Oxirati obod bo‘lsin.

Biz Siz bilan ushbu an'analarni qardoshlar, yaqin mamlakatlar, ahil qo‘shnilar sifatida, bir-birimizga yordam berib, yurak va quchoqlarimizni ochib davom ettiramiz», — degan Nursulton Nazarboyev.

Bu Shavkat Mirziyoyevning davlat rahbari sifatida Qozog‘istonga ilk tashrifidir. Uchrashuvlar chog‘ida hamkorlik bo‘yicha bir qator hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.

Top