Jahon | 14:16 / 25.03.2017
9365
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp Kongressda ilk muvaffaqiyatsizlikka uchradi - tibbiy qonun loyihasi qaytarib olindi

AQSh Respublikachilar partiyasi Obamacare nomi bilan mashhur bo‘lgan qonunni bekor qilishi kutilgan qonun loyihasini qaytarib oldi. Barak Obamaning sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotini bekor qilish Donald Trampning saylovoldi poygasi hamda lavozimiga kirishgandagi asosiy va'dalaridan biri edi. Biroq, loyihaning ovoz berishda omadsizlikka uchrashining oldini olish maqsadida partiya rahbariyati shunday qaror qilgan.

Respublikachilarning American Health Care Act (HCA) qonun loyihasi Kongressda Oq uy tomonidan faol ravishda himoya qilinganiga qaramay, ma'qul kelmagan. Reuters agentligining yozishicha, hujjat kelishuvchan va konservator respublikachilarni qanoatlantirmagan.

Mazkur qonun loyihasini jon-jahdi bilan himoya qilgan Vakillar palatasi spikeri Pol Rayanning hikoya qilishicha, u Tramp bilan Oq uyda qonun loyihasi chaqirib olingunga qadar uchrashgan. Rayanning o‘zi Trampga hujjatni qaytarib olish ayni vaqtda bajarish mumkin bo‘lgan eng yaxshi qaror ekanini aytgan. 

Prezident Tramp respublikachilar mazkur mavzuga yaqin orada qaytmasligini bildirgan. CNN telekanalining xabar qilishicha, respublikachilar 7 yil mobaynida ushbu sohada islohot o‘tkazishni rejalashtirib kelgan. Shunga ko‘ra, hujjatning chaqirib olinishi Amerika prezidenti obro‘sini keskin tushirib yuboradi. 

Vakillar palatasidagi demokratlar fraksiyasi rahbari respublikachilarning bu mag‘lubiyatini «Amerika xalqining g‘alabasi» deb atadi.

Obamacare nomi bilan mashhur tibbiy islohot 2010 yilda ma'qullangan edi. U Barak Obamaning ichki siyosatdagi asosiy yutuqlaridan biri bo‘ldi. Qonun barcha fuqarolarga tibbiy sug‘urtalanish majburiyatini yukladi hamda sug‘urta kompaniyalariga «noqulay» mijozlarga rad javobi berishni taqiqladi. Garchi, ushbu qonundan ijobiy o‘zgarishlar kutilgan bo‘lsa-da, uni hayotga tatbiq etishda qator texnik, moliyaviy va ijtimoiy to‘siqlarga duch kelindi. Bu esa, o‘z navbatida, islohotning tanqid qilinishiga sabab bo‘ldi. 

Donald Tramp vazifasiga kirishishdan avval, Obama ma'muriyati tomonidan qabul qilingan qonunlarning aksarini bekor qilishga va'da bergan edi. 

Umuman, ta'kidlanishicha, Kongressda qabul qilinishiga erishilmagan yangi qonun loyihasida Obamacare qonunining ko‘plab bandlari saqlab qolingan edi, shu bois uni norasman Obamacare-lite ham deb atashdi.

Yangi qonun majburiy tibbiy sug‘urtani bekor qilishi hamda 2020 yilga kelib aholining kam ta'minlangan qatlamiga davlat tomonidan subsidiyalar ajratish, jumladan, shoshilinch shifoxonaga yotqizish, dori-darmonlar, homiladorlik va pediatriya yordamini to‘liq bekor qilishni ko‘zda tutar edi. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid