Rossiyalik siyosatchi, jamoat arbobi, bloger va yurist, "Korrupsiyaga qarshi kurashish fondi" asoschisi Aleksey Navalniy chorlovlariga binoan Rossiyaning ko‘plab shaharlarida korrupsiyaga qarshi mitinglar bo‘lib o‘tmoqda.

Ilgariroq Navalniy Rossiya Federatsiyasi bosh vaziri Dmitriy Medvedev tomonidan katta miqdorda pullar o‘zlashtirilganligi haqida "U sizga Dimon emas" ("On vam ne Dimon") hujjatli filmini internet-saytlar orqali namoyish qilgan edi. Bugungi kunga kelib, ushbu film 15 million marta tomosha qilingan. Filmga ko‘ra D.Medvedev 70 milliard rubldan ortiq pulni o‘z do‘stlari va yaqinlariga tegishli turli fondlar orqali o‘zlashtirgan, Rossiyaning turli shaharlarida qasrlar qurgan, qimmatbaho yaxtalar sotib olgan, shuningdek, Rossiya va Italiyada gektarlab sharob navli uzumzorlarga egalik qiladi.

«U sizga shunchaki Dimon emas». Medvedevning «maxfiy imperiya»si fosh etildi

Qayd etish joizki, Rossiya Federatsiyasi bosh prokuraturasi, Tergov qo‘mitasi, hukumat ham, davlat rahbariyati ham ushbu filmga o‘z munosabatlarini bildirishmadi. Faqatgina prezident va bosh vazirning matbuot kotiblari "sudlangan shaxsning o‘rinsiz baqir-chaqirlari" degan bahoni berishdi.

Mamlakat rahbariyati tomonidan biror reaksiya bo‘lmagach, muxolifatdagi "Taraqqiyot partiyasi" markaziy kengashi boshqaruvchisi hisoblanuvchi Aleksey Navalniy o‘z tarafdorlarini 26 mart kuni Rossiya shaharlari bo‘ylab korrupsiyaga qarshi tinch namoyishga chiqishga chorlagan edi.

Bugungi mitinglarda ishtirok etish uchun avvalroq Rossiyaning 100 ga yaqin shaharlari ma'muriyatiga so‘rovlar jo‘natilgan, aksariyat shaharlarda muxolifat mitingiga rad javobi berilgan. Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, tinch namoyishga asossiz rad javobi berish mumkin emas va 3 kunlik muddat ichida miting o‘tkazilishi uchun boshqa joy tavsiya etilishi lozim. Juda ko‘p shaharlarda, jumladan poytaxt — Moskvada 3 kunlik muddat talabi bajarilmagan va Rossiya Federatsiyasi konstitutsion sudi qaroriga ko‘ra miting avtomatik muvofiqlashtirilgan hisoblanadi.

Shu sababli Navalniy tarafdorlari o‘z so‘rovida ko‘rsatilgan huddud — poytaxtning Tver ko‘chasi bo‘ylab tinch namoyishga chiqishdi. Bu vaziyatda namoyishga to‘sqinlik qilish uchun ichki ishlar vazirligi tomonidan ko‘cha yopilmadi, ko‘cha piyodalar yo‘lagi qismidan qatnov qismiga chiqib ketgan namoyishchilar hibsga olina boshlandi. Aleksey Navalniy ham Tver ko‘chasi va Mamonov torko‘chasi chorrahasini kesib o‘tish vaqtida qo‘lga olindi.