Sport | 10:34 / 29.03.2017
12700
2 daqiqa o‘qiladi

Braziliya JCh yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan ilk terma jamoaga aylandi

Braziliya terma jamoasi 2018 yilgi Jahon chempionati uchun saralash bosqichida muddatdan oldin yo‘llanmani qo‘lga kiritgan ilk terma jamoaga aylandi.

Bu Urugvay terma jamoasi Peruga mag‘lub bo‘lgach ma'lum bo‘ldi. Endilikda KONMeBOL hududidagi saralash guruhida Braziliya 33 ochko to‘plagan holda peshqadam qilmoqda va eng yaqin ta'qibchisi Kolumbiyani 9 ochkoga ortda qoldirmoqda. Ketma-ket uchinchi mag‘lubiyatdan keyin Urugvay 23 ochkosi bilan uchinchi o‘rinda qoldi. Endi pentakampionlar qolgan 4 turda qanday natijalar qayd etilishidan qat'i nazar to‘rtinchi o‘rindan tushib ketmasligi kafolatlandi. Shu tariqa Braziliya Rossiyadagi jahon chempionatida ishtirok etishi aniq bo‘lgan ikkinchi terma jamoaga aylandi, mezbonlar bu huquqni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘lga kiritishgan.

Ayni vaqtda guruhda to‘rtinchi o‘rinda Chili joylashgan (23 ochko), beshinchi o‘rinda Argentina (22 ochko), oltinchida Ekvador (20).

Keyingi turda Braziliya 31 avgust kuni Ekvadorni qabul qiladi, Chili Paragvay bilan, Venesuela Kolumbiya bilan, Peru Boliviya bilan, Argentina esa Urugvay bilan o‘ynaydi.

Bu mintaqada saralash bosqichi 2017 yilning oktabrida yakunlanadi. 4 jamoa to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmaga ega bo‘ladi, beshinchi o‘rin egasi esa Okeaniya vakiliga qarshi o‘tish o‘yinida ishtirok etadi.

Mavzuga oid