Emre So‘yar, Robin Hogart
Har qanday odam vaqti-vaqti bilan hayotda muvaffaqiyatga erishgan insonlarning sirlari haqida o‘qib turadi. Bu — birov bilan bo‘lishish oson bo‘lgan zavqli mutolaa, bunday matnlarning juda ko‘pligi ham shu bilan tushuntirilsa kerak. Bu kabi maqolalarda beriladigan maslahatlar ko‘pincha jo‘yalidek tuyuladi ham.

Butunjahon iqtisodiy forumi Business Insider bilan birgalikda muvaffaqiyatga erishgan insonlar nonushtagacha amalga oshiradigan 14 ish haqida e'lon qildi. Bu ro‘yxatda suv ichish, o‘rinni tartibga keltirish kabi punktlar ham bor. Forbes’da e'lon qilingan ro‘yxat muallifi har qanday muvaffaqiyatli inson "qachon ketish va qachon qolish kerakligi"ni biladigan sifatga ega ekanligi haqida yozadi. Entrepreneur esa o‘z o‘quvchilariga muammolarni ko‘rishdan voz kechib, imkoniyatlarni qidira boshlash kerakligini uqtiradi. Bu esa Inc. nashridan maslahat: atrofingizdagilarning ma'qullashini izlash va o‘z zaif tomonlaringizga diqqat qilishni bas qiling.
Bir qaraganda kishini chog‘lanishga undovchi bu matnlar zamirida aslida xavf-xatar yotadi. Quyida bunday maslahatlar menejyerlar va ishbilarmonlar uchun nafaqat befoyda, balkim zararli ham bo‘lishi haqida so‘z yuritamiz.
Ma'lumotlar tadqiqotlarga asoslanmagan, shunchaki turli insonlarning hayotidagi tasodifiy epizodlarga qarab tuzilgan. Bu maqolalardan o‘rin olgan ko‘plab maslahatlar tizimli ilmiy tahlilga emas, shaxsiy voqealarning sub'yektiv talqiniga asoslangan. Agar biror kishi bu maslahatlar va ro‘yxatlarni ilmiy uslublar bilan baholamagan ekan, ularning foydasi haqida gapirib bo‘lmaydi. Boz ustiga, hayotdagi hodisalarni yuzaki tushunish — sabab va oqibat o‘rtasidagi chegaralarni buzib yuboradi.
Insonning muvaffaqiyatga erishganiga sabab uning ish yuzasidan uchrashuvlariga bormaganimi yoki u aynan muvaffaqiyatga erishgani uchun uchrashuvlarga bormaydimi? Go‘yoki barcha muvaffaqiyatli insonlarga taalluqli bir talay odatlar (ularni esa o‘z navbatida boshqalar nima deb o‘ylashi qiziqtirmaydi, uchrashuvlarga borishmaydi, asosiy narsani ikkinchi darajalisidan ajrata olishadi va umuman, doimo "yo‘q" deya olishadi), ehtimol, favqulodda muvaffaqiyat qozongan insonlar uchun ziynat hisoblanar, lekin shu holda ham ular e'tirofga sazovor bo‘lib ulgurishgan bo‘ladi. Demak, bu odatlarning ayrimlari muvaffaqiyatning natijasi, aslo uning sababi emas.
















