Tramp Shayrat aviabazasining uchish yo‘lakchasi beshikast qolganiga tushuntirish berdi
AQSh prezidenti Donald Tramp tvitterda raketalar zarbasiga uchragan Suriyadagi Shayrat aviabazasining uchish-qo‘nish yo‘lakchasi nima uchun beshikast qolganiga tushuntirish berdi.
"Uchish-qo‘nish yo‘lakchalariga zarba berilmasligining asosiy sababi, ularni osonlik va sarf-xarajatlarsiz ta'mirlash mumkin", deb ma'lum qildi Tramp.
7 aprelga o‘tar kechasi AQShning O‘rta yer dengizidagi "Ross" va "Porter" esminetslaridan aviabazaga 59 ta raketa bilan zarba berilgan. Zarba oqibatida turli ma'lumotlarga ko‘ra, 4 nafardan 10 nafargacha suriyalik harbiy halok bo‘lgan, 6 ta MiG-23 samolyoti, ombor, oshxona, o‘quv korpusi va radiolokatsion stansiya yo‘q qilingan.
Zarbadan bir kun o‘tgach, aerodromdan samolyotlar uchishi qayta yo‘lga qo‘yilgan.
AQSh davlat kotibi Reks Tillerson aerodromning uchish-qo‘nish yo‘lakchasi foydalanish uchun yaroqli qolganini aytgan, biroq uning ta'kidlashicha, zarbadan maqsad u bo‘lmagan.