2003 yil 10 aprel kuni Iroq poytaxti Bag‘dod shahri aholisi yangi davrda uyg‘ondi, deyish mumkin. Bir kun avval, ayovsiz janglardan toliqqan amerikalik askarlar shaharni nazoratiga olishgan edi. Mahalliy aholi shahar bo‘ylab Saddam Husaynga o‘rnatilgan haykallarni vayron qilar, uning suratlari tahqirlanar edi. Saddam “podshoh” bo‘lgan davlat ikki haftada qulab, yaqingina diktatorga sodiqlik bo‘yicha qasamyod qilganlar birinchilardan bo‘lib haykallarni buzuvchilar bo‘ldi. 

«To‘g‘risini aytganda, Saddam davrida hozirgidan yaxshiroq bo‘lgan edi, — deb yozadi Financial Times muxbiri o‘tgan yili Bag‘dod ko‘chalaridan birida qulog‘iga chalingan suhbatdan parcha keltirar ekan. — Hozir nima bo‘lyapti? Bizda iqtisodiy inqiroz, IShID hamda poraxo‘r rahbarlar son mingta».

Husayn davrini sog‘inganlar ko‘p

Aytish joizki, bugungi kunda Husayn davrini qo‘msaydigan iroqliklar ko‘pchilikni tashkil etadi. Atigi 14 yil muqaddam uning ketishini orzu qilganlar Saddam hukumat tepasida qolganida mamlakat fuqarolik urushi degan baloni chetlab o‘tishini aytishadi. Saddam Husayn oddiy iroqliklar orasida tartibsizliklarga chek qo‘ya oladigan qattiqqo‘llik timsoli bo‘lib bormoqda. Buning esa o‘ziga xos sabablari bor. Saddam Husayn yovuzlik uchun yovuzlik sodir etuvchi deb tanishtirilganlar xilidan farq qilar edi. 

Hayoti va siyosatdagi ilk qadamlari 

Saddam Husayn Abdulmajid al-Tikritiy 1937 yilda cho‘pon oilasida dunyoga kelgan, ammo Angliya-Iroq urushi qatnashchisi bo‘lgan amakisi qo‘lida voyaga yetgan. Aynan u Saddamning tabiati shakllanishida asosiy o‘rin tutgan hamda yosh Saddamga yaqinlari va qarindoshlari bilan mustahkam aloqada bo‘lish foydasini singdirgan. U umrbo‘yi o‘z yaqinlariga tayandi, suyandi. 

Ammo, ta'kidlash joizki, Saddamni hokimiyat tepasiga yaqinlari emas, partiya olib keldi. Yosh Husayn o‘sha vaqtlarda mashhur bo‘lgan «Baas» — Arab ijtimoiy uyg‘onish partiyasiga a'zo bo‘ldi. Saddam harbiy iqtidori va shaxsiy jasurligi sabab tezda yuqoriladi. 

Husayn Iroqda vitse-prezident

Iroq prezidenti Abdulkarim Qosimga nisbatan uyushtirilgan, ammo muvaffaqiyatsizlikka uchragan suiqasd uni taniqli shaxsga aylantirdi. Shundan so‘ng, Suriyaga qochgan Saddam 4 yil o‘tgach, Qosim tuzumi qulagach, vataniga qaytdi va siyosat oqimiga qo‘shildi. Uning yorqin ma'ruzasi «Baas» partiyasi yetakchisi Mishel Aflak e'tiborini qozondi. Mishelning qo‘llab-quvvatlashi Saddamni partiyaning xavfsizlik xizmati rahbariga aylantirdi. Bundan tashqari, Saddamning o‘ziga xos sovuqqonligi va jasurligi, siyosatchi sifatidagi iqtidori partiyadagi obro‘sini oshirdi. 1968 yildagi navbatdagi davlat to‘ntarishidan so‘ng, hukumatni qo‘lga olgan partiya a'zosi bo‘lgan Saddam mamlakatdagi ikkinchi muhim shaxs, vitse-prezident lavozimini egalladi.