10 marotaba badavlatroq va muvaffaqiyatliroq bo‘lish uchun 10 marta ko‘p ishlash va o‘zingizni o‘tga-cho‘g‘ga urishingiz shart emas. Shunchaki "bir foiz qoidasi"dan foydalaning, — deya maslahat beradi amerikalik mashhur bloger Jyeyms Klir.

 

To‘planma ustunlik kuchi

Yonma-yon o‘sayotgan ikki daraxtni tasavvur qiling. Ular har kuni namlik va quyosh nuri uchun raqobat qiladi. Agar daraxtlardan biri salgina tezroq o‘ssa ham u sherigidan ozgina bo‘lsa-da, balandroq bo‘ladi va quyosh nurlari va yomg‘irga ko‘proq ega chiqadi. Ertasi kuni shu qo‘shimcha energiya hisobiga u yanada balandroq o‘sadi. Oradan vaqt o‘tib, u ikkinchi daraxtni soyasida qoldiradi va quyosh nurlarining ham, tuproqdagi oziq moddalarining ham katta qismiga ega chiqadi.

Bunday daraxt ko‘proq urug‘ beradi, demak kelgusida bu daraxtdan tarqalgan nihollar ko‘proq bo‘ladi. Bu jarayon takrorlanaveradi va eng avvalida raqobatchilaridan ozgina yaxshiroq bo‘lgan daraxtlar o‘rmonning katta qismini egallagunga qadar davom etadi.

Ozgina ustunlikning vaqt o‘tishi bilan kengayishi hodisasini olimlar to‘planma ustunlik deb atashadi.

 

G‘olib hammasiga ega bo‘ladi

Insonlar bilan ham shunga o‘xshash vaziyat kuzatiladi. O‘rmondagi daraxtlar singari biz ham ko‘pincha o‘sha resurslar uchun kurashamiz. Siyosatdonlar saylovchilar ovozi uchun, yozuvchilar — bestsellerlar ro‘yxatidagi o‘rin uchun, sportchilar — oltin medallar uchun, kompaniyalar — potensial mijozlar uchun, telekanallar esa bizning diqqatimiz va vaqtimiz uchun.

Unumdorlikdagi kichik farq unga mutanosib bo‘lmagan mukofotga sabab bo‘lgan bunday effekt "G‘olibning hammasiga ega bo‘lishi", deb ataladi.

Faqat bir foiz, bir soniya, bir so‘m ustunlikka ega bo‘lishning o‘ziyoq mukofotning 100 foizini qo‘lga kiritish uchun yetarli bo‘ladi.

Cheklangan resurslar, masalan vaqt va pul bilan bog‘liq har qanday qarorlar, tabiiy ravishda g‘olibning hamma narsani qo‘lga kiritishiga sabab bo‘luvchi vaziyatga olib keladi.