12 aprel kuni kechqurun «O‘zbekiston» telekanali «Muloqot va manfaat» ko‘rsatuvini efirga uzatdi. Ko‘rsatuv efirga uzatilishidan avval ijtimoiy tarmoqlarda yetarlicha reklama qilindi va tomosha qilindi. Undan xabar topganlarning aksariyati ko‘rsatuvni ko‘rib, ijtimoiy tarmoqlar orqali fikrlar bildirilgani buni isbotlab turibdi.

Biroq, ijtimoiy tarmoqdagi foydalanuvchilarning katta qismi ushbu ko‘rsatuvdan, unda aytilgan gaplardan mutlaqo qoniqmaganliklarini bayon etishmoqda. Ochig‘i, o‘zimga ham yoqmadi.

Chindan ham, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti devoni mas'ul xodimi Zoir Ergashev boshlovchiligida olib borilgan ko‘rsatuv tanqidiy ruhda o‘tishi kutilganida, savollarga mujmal javoblar va bajarilishi dargumon va'dalar berilib, odamlarni xotirjam qilishga bir urinish bo‘ldi. 

Ko‘rsatuvda, asosan, prezident virtual qabulxonasiga yozilgan ayrim shikoyatlar tilga olib o‘tildi va ularga GM-Uzbekistan AJ bosh direktori vazifasini bajaruvchi Rustam Rajabov, GM-Uzbekistan AJ marketing, savdo va avtoservis boshqarmasi boshqaruvchi direktori Muhiddin Sultonov, «O‘zavtotexxizmat» MChJ boshquruvi raisi Botirxo‘ja Siddiqov, «Asaka bank» ATB departament direktor o‘rinbosari Farrux Tulavov, Davlat raqobat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Dilshod Azimov, «Asakabank» ATB departament direktori Behzod Abdurahmonov, GM-Uzbekistan AJ yuridik boshqarmasi boshlig‘i Nodir Do‘stmurodov javob berishdi.

Xalqimizni tashvishlantirayotgan ayrim savollar efirda yangramadi, bu savollarning javobi nima bo‘lishi, mutasaddilar bunga qanday chora ko‘rishlari ochiqligicha qolib ketdi. Studiyaga o‘zlarini qiziqtirayotgan savollarni mutasaddilarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri berishi mumkin bo‘lgan muxlislar taklif etilmagan, ko‘chalarda suratga tushirilgan e'tirozlar esa o‘ta yuzaki.

Masalan, ayrim eng arzon va xaridorgir avtomobillar nega AQSh dollariga sotilishi haqida umuman gapirilmadi. Aytaylik, oyligini yig‘ib, «Matiz» olmoqchi bo‘lgan o‘qituvchi naqd dollarni qayerdan olishi kerak? «Asaka bank» vakillari javob berishi kerak bo‘lgan savol. GM-Uzbekistan AJ marketing, savdo va avtoservis boshqarmasi boshqaruvchi direktori Muhiddin Sultonov Ikkinchi Jahon urushi qatnashuvchilariga imtiyozlar, xususan avtomashinalar navbatsiz berilishini aytib o‘tdi (shunda ham «dollarlik» mashinalar so‘mga beriladimi yo‘qmi — bunisi ochiq qoldi). Rahmat! Xo‘p, qo‘shimcha daromadi bo‘lmagan byudjyet tashkiloti vakillari — o‘qituvchilar va shifokorlarga ham qandaydir imtiyozlar taqdim etish (mayli, navbatsiz berish bo‘lmasin) — mashinalarni milliy valyutada xarid qilishga ruxsat berish borasida biror tashabbusni ilgari surib chiqsa bo‘lmaydimi?

Plastik kartochkaga avtomobil xarid qilish masalasiga «Asaka bank» ATB departament direktori Behzod Abdurahmonov banklar tomonidan hech qanday cheklov o‘rnatilmaganini aytib o‘tgan esa-da, amalda hech ham bunday emas. Dilerlarning hisob raqami mavjud bo‘lgan istalgan bankingizda sinab ko‘rishingiz mumkin. Aslo quchoq ochib kutib olishmaydi. «Mumkin emas!», degan qo‘rs javobga duch kelasiz.