Shu kunlarda Kun.uz pochtasiga ikki murojaat kelib tushdi. Keling, bu boradagi fikrlarni bayon qilishdan avval, fuqarolarimizning murojaatlarini o‘qib ko‘rsak.

«Ismim Ixtiyor.

Kun.uz saytini muntazam kuzatib boraman. Jamiyatimizdagi o‘zgarishlar, yechimini topmagan masalalar, huquqlarning poymol bo‘layotgani, ularni ochiq-oydin ko‘rsatib berishlaringiz diqqatga sazovor bo‘lmoqda.

Men — o‘qituvchiman, fanim bo‘yicha bir nechta ko‘rik-tanlovlarda sovrinli o‘rinlarga ega bo‘ldim. 6 yildan beri qiynab kelayotgan birgina muammo — o‘zim sotib olgan yer uchastkasiga o‘z mehnatim bilan qurgan uyda bugun ijarada turib, vaqtinchalik ro‘yxatga qo‘yilib, ishlab kelmoqdaman.

Sirdaryo viloyatidan Toshkent viloyatiga kelgan bo‘lsam-da, qarindoshlarimning aksariyati shu yerda istiqomat qilishadi. Doimiy ro‘yxatga qo‘yishni iltimos qilib prezidentga ham yozdik, ichki ishlardan kelgan xatga ko‘ra, biz ro‘yxatga qo‘yilishi mumkin bo‘lgan toifaga kirmas ekanmiz.

Shunda o‘zimga savol berdim: men qaysi toifadagi fuqaroman?

Qonunni ijrosi bilan shug‘ullanadiganlarga e'tirozim yo‘q, o‘sha qonunni ishlab chiqadiganlarga «biz ham halqingizning bir bo‘lagimiz», deyman, xolos. Sirdaryoda otam ham, akam ham bir kasb, bir fan egalarimiz, u joyda menga ish yo‘q, hozirgi ishlayotgan joyimda ya'ni, Toshkent viloyatida bir emas, ikki emas, men bilgan uchta maktabda mutaxassis yetishmaydi, shulardan hozirda ikkitasida ishlab kelmoqdaman.

Namunali qurilayotgan uylarni sotib olib doimiy ro‘yxatga qo‘yilishiga oid ma'lumotlarni o‘qib, hisob-kitobini qilsam — men uchun «o‘h-ho‘» ekan.

Portalga taklif sifatida Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga «grin-kard» tizimini mentalitetimizga moslashtirilgan variantini qo‘llash taklifini bergandim bu taklifim ham qanchalik to‘g‘ri, bilmadim, axir barchamiz O‘zbekiston fuqarosimiz.

Nima bo‘lganda ham Vatanimni deyman, har tong uyg‘onib tinchlik nafasini olganimga shukronalik keltiraman, albatta, ko‘ngilim xotirjamligi, halovati har kunimiz tinch bo‘lishiga ishonaman. Sizlardan iltimos, ushbu mavzudagi muammolarni ko‘proq yoritsangizlar, inson huquqlari tashkilotlari, Ombudsman va boshqalarga bizlardagi muammolarni oyna qilib ko‘rsatsangizlar».