O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «2018–2022 yillarda issiqlik ta'minoti tizimini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori e'lon qilindi.
Qaror matniga ko‘ra, iste'molchilarga issiqlik energiyasi yetkazib berish sifatini oshirish va uzluksizligini ta'minlash chora-tadbirlarini izchil amalga oshirish, zamonaviy tejamkor va energiyani iqtisod qiladigan texnologiyalarni joriy etish asosida issiqlik ta'minoti tizimining asosiy fondlarini yangilash va modernizatsiyalash, yoqilg‘i-energetika resurslaridan samarali va oqilona foydalanish maqsadida quyidagilar respublikada issiqlik ta'minoti tizimini yanada rivojlantirishning ustuvor vazifalari etib belgilangan:
- issiqlik ta'minoti tizimiga energiya va resurslarni tejaydigan yangi texnologiyalar va uskunalarni, shu jumladan, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalangan holda joriy etish;
- energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan mahalliy qozonxonalar qurish, shuningdek, xonadonlarga yakka tartibda ichki issiqlik ta'minoti tizimini o‘rnatish yo‘li bilan ko‘p xonadonli uy-joy fondi, ijtimoiy va boshqa obektlarning nomarkazlashtirilgan issiqlik ta'minoti tizimini rivojlantirish;
- jismonan va ma'nan eskirgan, tejamkor bo‘lmagan qozonxona agregatlarini almashtirgan holda ishdan chiqqan magistral va taqsimlash issiqlik tarmoqlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirish;
- energiya resurslari iste'mol qilinishi va ishlab chiqarilishining me'yor bo‘yicha hisobga olinishini tashkil etish, iste'molchilarning issiqlik ta'minoti xizmati haqini hisoblash va to‘lashning avtomatlashtirilgan hisob-kitob tizimini joriy etish;
- noishlab chiqarish xarajatlari o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik va issiqlik energiyasini yetkazib berish, taqsimlash va iste'mol qilishda me'yoridan ortiqcha nobudgarchiliklarni kamaytirish hisobiga sarf-xarajatlarni qisqartirishga yo‘naltirilgan issiqlik ta'minoti tizimida yagona texnik siyosatni amalga oshirish.
Qarorga ko‘ra 2018–2022 yillarda issiqlik ta'minoti tizimini rivojlantirish dasturi tasdiqlanadi va u quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- 2018–2022 yillarda mahalliy qozonxonalarni modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish;
- 2018–2022 yillarda energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan mahalliy qozonxonalar qurish, jumladan, gelioqurilmalarni qo‘llash;
- 2018–2022 yillarda markaziy qozonxonalarni modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish;
- 2018–2022 yillarda issiqlik tarmoqlarini modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish;
- 2018–2022 yillarda xonadonlarga yakka tartibda ichki issiqlik ta'minoti tizimini o‘rnatish;
- 2018–2022 yillarda issiqlik ta'minoti tizimini rivojlantirish kompleks tadbirlari.
Qarorda tasdiqlanadigan Dasturni amalga oshirishni moliyalashtirish manbalari ham ko‘rsatib o‘tilgan.
Qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi A.J.Ramatov zimmasiga yuklandi.











