GM-Uzbekistan Chevrolet Malibu sedanining to‘qqizinchi avlodini ishlab chiqarilishini e'lon qildi. Ayrimlar ishlab chiqariladigan ushbu yangi avtomobil Chevrolet Impala nomi ostida mashhur avtomobilning nomi o‘zgartirilgan varianti, degan xato fikrga ham borishdi. Yo‘q, Malibu seriyasidagi ushbu avtomobil to‘qqizinchi avlod vakili va mutlaqo yangi hisoblanadi.
Tashqi ko‘rinishi
Chevrolet Malibu’ning yangi avlodi ustida ish olib borgan dizaynerlar uning tashqi ko‘rinishi yanada tajovuzkorlik jo etishiga harakat qilishgan. Yangi avtomobil eski avlodlaridan mutlaqo boshqacha tashqi ko‘rinishga ega ekanligi bilan farqlanadi. Siniq va egri chiziqlar sedanga dinamiklik baxsh etadi va uni yanada chiroyli ko‘rinishga ega bo‘lishi uchun xizmat qiladi. Malibu’ning o‘ziga xos, tezda tanib olinuvchi qo‘sh radiator panjarasi yanada ingichka yorug‘lik diodli optika bilan jihozlangan.

Kuzovning yon tomonlaridagi relefli bo‘rtmalar garchi Impala sedaninikiga o‘xshash bo‘lsa-da, kuzovning juda ko‘p elementlari afsonaviy Camaro’dan o‘zlashtirilgan, biroq bu faqat bir qaraganda ilg‘ash mumkin bo‘lgan narsalar. Bu holatda, kuzovning alohida detallari qayta ishlanishi natijasida juda yuqori aerodinamik ko‘rsatkichlarga ega bo‘lingan. Avtomobil O‘zbekiston bozorida 4 rangda (marvaridrang oq, tutunsimon oq, to‘q kulrang va qora) ishlab chiqariladi.
Ichki ko‘rinishi
Interer dizaynida yuqori sifatli materiallardan foydalanilgan, uning hisobiga salon oldingi avlodlarnikidan ko‘ra ulug‘vor ko‘rinish kasb etgan. Markaziy konsoldagi tugmalarning minimal va qulay joylashuvi bilan bir qatorda sedan yangi asboblar paneli va rul chambaragiga ega bo‘lgan.

Markaziy konsol o‘rtasida MyLink ko‘ngilochar-axborot majmuasining diagonali 7.0 dyuym bo‘lgan Touch Screen displeyi o‘rnatilgan.

Haydovchi yonlari qulaylashtirilgan keng o‘rindiqqa o‘tiradi. Rul chambaragi ancha oldinga chiqarilgan, uning ortida esa analog datchikli bort kompyuteri joylashtirilgan. Orqa o‘rindiqda o‘tiradigan yo‘lovchilar 33 mm qo‘shimcha joyga ega bo‘lishgan va endi shovqindan himoya tizimidan to‘laqonli zavq olishlari mumkin.



















