O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Baliqchilik tarmog‘ini boshqarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori e'lon qilindi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.
Hujjatda ta'kidlanishicha, baliqchilik tarmog‘ini boshqarish tizimini takomillashtirish, baliqchilik va baliq ovlash tashkilotlari faoliyati samaradorligini oshirish, baliq mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, tabiiy va sun'iy suv havzalaridan oqilona foydalanish, shuningdek, baliq yetishtirishning ilmiy asoslangan usullari va intensiv texnologiyalarini joriy etish maqsadida «O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasi tashkil etiladi. Uning tarkibiga joylarda baliqchilik tarmog‘i tashkilotlari ishlarini muvofiqlashtiruvchi 13 ta hududiy «Baliqsanoat» mas'uliyati cheklangan jamiyati kiradi.
Baliq mahsulotlari ishlab chiqarishning tashkiliy-texnologik jarayonlarini tizimli tashkil etish, baliq chavoqlarini takror ko‘paytirish va ozuqa bazani mustahkamlash, tabiiy suv havzalari va sun'iy ko‘llarning resurslaridan oqilona foydalanish, shuningdek, baliq yetishtirish jarayoniga ilmiy asoslangan usullarni va intensiv texnologiyalarni joriy etish «O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari hisoblanadi.
Bundan tashqari, baliqchilik tarmog‘ida ilmiy-tadqiqot ishlarini yanada takomillashtirish, ilmiy kadrlar tayyorlash, ilmiy va texnik yangiliklarni tadbirkorlik sub'yektlariga yetkazish maqsadida Baliqchilikni rivojlantirish ilmiy-tajriba stansiyasi Baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutiga aylantirildi va Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida hamda respublikaning boshqa xududlarida uning filiallarini ochish belgilandi.
Tarmoq loyihalarini birgalikda moliyalashtirish, shuningdek, maslahat, axborot-tahlil va marketing xizmatlari ko‘rsatish yo‘li bilan baliqchilikni rivojlantirish dasturlari amalga oshirilishiga ko‘maklashish uchun qarorda «Ipoteka-bank» aksiyadorlik tijorat ipoteka bankining investitsion kompaniyasini tashkil etish ma'qullandi va uning ulushi yangidan tashkil etilayotgan hududiy «Baliqsanoat» mas'uliyati cheklangan jamiyatlarining ustav fondida kamida 51 foizni tashkil etadi.
Ilmiy-tadqiqot, seleksiya va naslchilik ishlarini moliyalashtirish, ozuqalarning zamonaviy retsepturalarini ishlab chiqish va baliqchilik tarmog‘iga ilg‘or texnologiyalarni joriy etishda ko‘maklashish, baliqlarning kasalliklari profilaktikasi va ularni davolash hamda tarmoqni rivojlantirish bo‘yicha investitsiya loyihalarini shakllantirish maqsadida «O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasida Baliqchilikni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi.








