O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi ilmiy tadqiqotlar uchun grant hamda stipendiyalar tanlovini e'lon qildi.
Mazkur tanlovdan ko‘zlangan maqsad respublika ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida ilm-fanning o‘rnini yanada mustahkamlash, sohada faoliyat yuritayotgan katta ilmiy xodim-izlanuvchilar, talaba yoshlarning ilmiy faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hisoblanadi.
Kasaba uyushmalari Federatsiyasining ilmiy tadqiqotlar uchun stipendiyasi 2017-2018 o‘quv yili davomida magistratura va bakalavriat talabalarini rag‘batlantirish maqsadida belgilanadi.
Stipendiyalarning oylik fondi eng kam oylik ish haqining 5 (besh) barobarigacha miqdorda belgilanadi. Stipendiya 2017-2018 o‘quv yili (sentabr-iyun oylari) davomida har oy kesimida to‘lab boriladi.
Kasaba uyushmalari Federatsiyasining ilmiy tadqiqotlar uchun granti katta ilmiy xodim-izlanuvchi va mustaqil izlanuvchilarni rag‘batlantirish maqsadida belgilanadi.
Grant fondi taqdim etilgan loyihaning asoslanganlik darajasiga muvofiq respublikada o‘rnatilgan eng kam oylik ish haqining 45 (qirq besh) barobarigacha miqdorda belgilanadi. Federatsiya granti tanlov komissiyasi tavsiyasiga ko‘ra bir yo‘la to‘lanishi mumkin.
Tanlovga hujjatlar joriy yilning 1 iyun sanasiga qadar Kasaba uyushmalari Federatsiyasi yoki uning hududiy birlashmalarida qabul qilinadi.
Tanlovga oid batafsil ma'lumotlar va talab etiladigan hujjatlar ro‘yxati bilan quyidagi havolalar orqali tanishishingiz mumkin.
Ilmiy tadqiqotlar uchun grant tanloviga nomzodning anketasi
Ilmiy tadqiqotlar uchun stipendiya tanloviga nomzodning anketasi
Qo‘shimcha ma'lumotlar













