Frantsuz futbolchisining inqilobchiga mengzalishi ko‘p ham to‘g‘ri bo‘lmasa kerak, lekin shunisi aniqki, u «Blankos» ichida ideal tizim yarata oldi!
«Real» uchinchi ming yillikda ilk bor eng yaxshi mavsumini o‘tkazmoqda: YeChLda final kafolatlangan, La Ligada chempionlikka erishish uchun katta imkoniyat bor. Lekin jamoada hech qanday janjal, ultimatumlardan darak yo‘q, yechinish xonasidan ham fisq-u fasod isi chiqmay qo‘ydi. Hattoki Florentino Peres ham o‘zini binoyidek tutmoqda: uning yakka-yu yagona gunohi — Keylor Navasga nisbatan bo‘lar-bo‘lmasga bosim uyushtirayotgani bo‘lsa kerak.
«Real»da barqarorlik va samaradorlik davri aynan Zinedin Zidanning jamoaga bosh murabbiy etib tayinlanishi bilan boshlandi. 2016/17 yilgi mavsumdagi «Real» o‘zining bosh murabbiyiga juda o‘xshash: barcha kuch-g‘ayrat va hissiyotlar mikst-zonadagi bo‘lmag‘ur valdirashlarga emas, maydonda natijaga erishish uchun qaratilgan.
Nima bo‘lganda ham, «Real»ning o‘ta muvaffaqiyatli mavsumida Zizuning roliga yetarlicha baho berilmayapti.
Xo‘sh, Visente del Boske, Joze Mourinyu va Karlo Anchelotti orzu qilgan barqarorlikka fransuz mutaxassisi qanday qilib erishdi?

Avvalo shunisini anglash kerakki, Zidan innovator ham emas, yaratuvchi ham. Uni mablag‘larni aql bilan ishlatib, yanada boyigan ulkan boylikning merosxo‘ri sifatida qabul qilish kerak. Sirtdan qaraganda, Zizuning harakatlari ko‘zga tashlanmaydi, shu sababli vaziyatga chuqurroq nazar tashlash kerak.
«Real»ning asosiy «ko‘ziri» devlarga xos jismoniy holatidir: may boshlandi hamki, «Madrid»lik yigitlar «Bondyuel» reklamasidagi sabzavotlardan ham bardamroq. Bir qaraganda bu hol top-klub uchun tabiiydek, lekin «blankos»larning bardamligini tasdiqlab beruvchi uch omil borligini tilga olmasak bo‘lmaydi.
Birinchidan, mavsum klub uchun 9 avgust kuni (Yevro-2016 finalidan bir oygina o‘tib) boshlangan, o‘shandan beri ular 54 ta uchrashuvda maydonga tushdi — bu juda og‘ir masofa, biroq «Real»da zarracha pasayish bo‘lgani yo‘q. Ikkinchidan, «Madrid» keraksiz turnirda ishtirok etish uchun Yaponiyaga — klublar o‘rtasidagi jahon chempionatiga uzoq va ezuvchi parvoz bilan borib keldi, lekin bu ham jamoada inqiroz vujudga kelishiga sabab bo‘lmadi. Uchinchidan, butun mavsum mobaynida «Real»da jamoaning jamiki o‘yinchilari jarohatlanib chiqishdi, lekin faqatgina Beyl inobatga olinmasa, ularning barchasi tuzalgach, darhol uz jismoniy formasini tiklab olishdi.


















