O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy safariga otlanmoqda. Davlat rahbari 11–15 may kunlari XXRda davlat tashrifi bilan bo‘ladi. Shundan so‘ng prezident 14-15 may kunlari Pekin shahrida «Bir qutb, bir yo‘l» xalqaro forumida ishtirok etadi.
Prezidentning ushbu muhim tashrifi haqida dastlab 21 aprel kuni Qozog‘iston poytaxtida bo‘lib o‘tgan ShHT TIVK navbatdagi yig‘ilishi doirasida TIV rahbari Abdulaziz Komilov Xitoy Xalq Respublikasi tashqi ishlar vaziri Vang I bilan uchrashuvi mobaynida e'lon qilingan edi.
21 aprel kuni poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan «Harakatlar sarhisobi: 2017 yil 1 chorak yakunlari» anjumanida ham prezidentimizning Xitoyga davlat tashrifi haqida ham to‘xtalib o‘tilgan edi.
Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Javlon Vahobovning aytishicha, bu davlat tashrifining kun tartibidagi asosiy masala – savdo, investitsiya sohasidagi ikkitomonlama munosabatlarning hozirgi kundagi ahvoli, xavfsizlik sohasidagi masalalar, shuningdek, madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik bo‘ladi.
Ushbu tashrifdan ko‘zlangan maqsad – Xitoy bilan strategik sheriklikni yanada kuchaytirish va ushbu davlat bilan katta hajmdagi hujjatlar to‘plamini imzolash. Ular orasida ikki davlat xo‘jalik sub'yektlari va korxonalari o‘rtasida tijoriy shartnomalar bor.
Tadbir dasturidan XXR raisi Si Jinping, Xitoy Davlat kengashi a'zolari, shuningdek, Xitoyning yirik moliyaviy-iqtisodiy tashkilotlari rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazish ham o‘rin olgan.
Prezidentning Xitoyga davlat tashrifi borasida Toshkentdagi Xalqaro biznes-markazida o‘tgan O‘zbek-Xitoy biznes forumi davomida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Ulug‘bek Ro‘ziqulov ham chiqish qilgan edi. Unga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyevning XXRga rejalashtirilayotgan tashrifi investitsion hamkorlik bo‘yicha yangi loyihalar bilan to‘ldirilishi mumkin.
Bosh vazir o‘rinbosarining aytishicha, XXR O‘zbekistonning eng yirik savdo sheriklaridan biri hamda mamlakatga sarmoya kirituvchi eng yirik investorlardandir.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ikki davlat hamkorligi natijasida o‘nlab strategik ahamiyatga ega loyihalar amalga oshirildi. Ular orasida Markaziy Osiyo–XXR gaz quvurining to‘rt tarmog‘ini qurish, Angren-Pop temir yo‘l linitsiyasida 19 kilometrlik tunnelni qurish, Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi, Qo‘ng‘irot soda zavodi bor.
Bundan tashqari, Sh.Mirziyoyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Xitoyda «Bir makon, bir yo‘l» forumida ham ishtirok etishni maqsad qilgan.

















