Yosh yigit, millati o‘zbek yoki tojik, ma'lumoti o‘rta, qurilishda ishlaydi — tadqiqotlar mehnat migrantining portretini ana shunday tasvirlaydi. Yaqin yillar ichida esa Rossiya bunday insonlarsiz yashay olmaydi, deb hisoblaydi RF prezidenti huzuridagi Rossiya xalq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasi ijtimoiy tahlil va prognozlash instituti katta ilmiy xodimi, geograf va demograf Yuliya Florinskaya.

Migrant portreti

O‘n holatdan yettitasida mehnat migranti Markaziy Osiyodan — O‘zbekiston, Tojikiston yoki Qirg‘izistondan Rossiyaga kelgan bo‘lib chiqadi. Tanlanma so‘rovlarga ko‘ra, ularning orasida mahalliy millat vakillari ko‘pchilikni tashkil etadi va rus millatiga mansublar 10 foizdan kam.

Migrantlarning aksariyati — erkak. Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2015 yilda ayollar ulushi 20 foiz atrofida bo‘lgan. Biroq, ko‘plab tadqiqotchilar fikricha, noqonuniy migrantlar hisobga olinsa, ularning soni ko‘proq va so‘nggi yillarda 30–35 foizga yetmoqda. Rasmiy statistikaning ayollarni hisobga olmasligi ularning ishga joylashish xususiyati bilan bog‘liq — ayollar ko‘pincha rasmiy qayddan o‘tmasdan noformal sektorda, masalan, odamlarning uyida ish olib borishadi (chunki politsiyachilar ularni ko‘p ham tekshirib o‘tirishmaydi). 

Mehnat migrantlari borgan sari yosharmoqda: agar 2000 yilda 18–29 yoshli insonlarning ulushi chorak qismga teng bo‘lgan bo‘lsa, 2015 yilga kelib ular 45 foizni tashkil etishmoqda. 

Xorijiy ishchilar ko‘p ta'lim olishmagan — ularning 40 foizi kasbiy ta'limni o‘qishmagan (na oliy, na o‘rta maxsus). Rossiyaga ko‘pincha unchalik katta bo‘lmagan shaharcha va qishloqlardan odamlar kelishadi (oqimning yarmisidan to‘rtdan uch qismigacha). Ishlash uchun oilaviy kelayotgan migrantlarning soni ham birmuncha oshgan: masalan, ularning uchdan bir qismi o‘zi bilan eri yoki xotinini ham qo‘shib olib kelishadi (ayollar o‘rtasida eri bilan birga kelganlar 50 foizdan ko‘proq); farzandlarini oilalarning faqat 10 foizi olib kelishadi. Farzandlari bilan kelganlarning aksariyati — 80 foizi to‘liq oilalardir, ular yaxshi ta'minlangan, ta'lim olishgan, rus tilini yaxshi bilishadi va Rossiyaga butunlay yashash uchun ko‘chib o‘tishni maqsad qilishgan.

Migrantlar rus tilini yaxshi o‘zlashtirishmagan, biroq bu borada hozircha falokat kuzatilayotgani yo‘q. Ularning 20 foizi rus tilini juda yomon bilishadi yoki umuman bilishmaydi, Rossiyada o‘z ona tilida gaplashadi, ish vaqtida so‘zlashuvda qiyinchiliklarga duch keladi. Migrantlarning uchdan biri do‘kon, dorixonalarga borganda til muammosiga duchor bo‘lishadi; teng yarmi hujjatlarni to‘ldirishda qiyinchiliklarga duch kelishadi. Lekin rus tilini o‘zlashtirish uchun asosiy kanal baribir ish joyi hisoblanadi — migrantlarning aksariyati ishda baribir ruscha muomala qilishadi.