O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni qiroli Salmon ibn Abdulaziz as-Saudning taklifiga binoan Arab-musulmon mamlakatlari va Amerika Qo‘shma Shtatlari sammitida ishtirok etadi va nutq so‘zlaydi. Bu haqda «Jahon» axborot agentligi ma'lum qildi.
Tadbir 21 may kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyoz shahrida bo‘lib o‘tadi.
Yuqori darajadagi ushbu forum ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash, bag‘rikenglik va birga yashash qadriyatlarini ilgari surish hamda xavfsizlik, barqarorlik va hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha islom dunyosi va AQSh o‘rtasida yangi sheriklikni o‘rnatishning yo‘llarini muhokama etish maqsadida tashkil etilmoqda.
Sammitga Islom hamkorlik tashkilotiga (IHT) a'zo mamlakatlar, AQSh, BMT, IHT, Arab davlatlari ligasi, Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashining bosh kotiblari taklif etilgan.
Yuqori darajadagi mazkur uchrashuv chog‘ida Saudiya Arabistoni qiroli, AQSh prezidenti, boshqa davlatlar yetakchilari qatorida O‘zbekiston rahbari ham nutq so‘zlashi kutilmoqda.
Tadbir doirasida sammit qatnashchilarining Ekstremistik mafkura bilan kurashish bo‘yicha xalqaro markaz qurilayotgan joyga borishi va uning poydevoriga birinchi g‘isht qo‘yilishi ham ko‘zda tutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston hozirgi paytda Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashiga raislik qilmoqda. O‘tgan yilning 18-19 oktabr kunlari Toshkentda Islom Hamkorligi tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi bo‘lib o‘tgan edi. «Ta'lim va ma'rifat — tinchlik va bunyodkorlik sari yo‘l» mavzusi mazkur sessiya kun tartibining asosiy g‘oyasi etib belgilangan va ushbu mavzu O‘zbekiston Respublikasi birinchi prezidenti Islom Karimov tomonidan dunyo xalqlari, o‘z xalqi taqdiri, bugungi murakkab sharoitda muqaddas dinimizning ahamiyati haqidagi chuqur mulohazalar natijasi sifatida taklif etilgan edi.
O‘shanda Shavkat Mirziyoyev mazkur kengash 43-sessiyasi ishtirokchilarining oldida nutq so‘zlar ekan, aynan ma'rifat va ta'lim bashariyat farovonligining asosiy omillaridan hisoblanishini, insonlarni ezgulikka da'vat etishini, saxovatli, sabr-qanoatli bo‘lishga undashini qayd etgan edi. Muqaddas islom dinimiz bizga aynan shuni o‘rgatadi. O‘zbekiston rahbari ta'kidlaganidek, bunday yondoshuv — davrning talabi.
Shuni qayd etish joizki, davlat arboblari, ekspertlar, din ulamolari xorijda O‘zbekistonni ma'rifiy islomning, dinlararo sabr-toqatlilik, millatlararo hamjihatlik namunasi deb atashadi. Masalan, yaqinda O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn turli konfessiya va madaniy markazlar vakillari bilan uchrashgan edi.

















