O‘zbekiston | 15:38 / 23.05.2017
17735
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Rossiya IIV vakolatxonasi ochiladi

Foto: Rossiya IIV

22 may kuni Rossiya Ichki ishlar vaziri, politsiya generali Vladimir Kolokoltsev boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga amaliy tashrif bilan keldi. Bugun, 23 may kuni rossiyalik vazir Toshkentda O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri general-mayor Abdusalom Azizov bilan uchrashdi. Bu haqda Rossiya IIV ma'lumot bergan.

Kolokoltsev 5 aprel kuni imzolangan, O‘zbekiston fuqarolarini Rossiyada vaqtincha ishga jalb qilish hamda migratsiya sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish haqidagi shartnomalarni amalga oshirish muhim ahamiyatga ega ekanini ta'kidlab o‘tgan.

Alohida e'tibor O‘zbekistonda Rossiya Ichki ishlar vazirligi vakolatxonasi ochilishi hamda uning faoliyati haqida aholini xabardor etish mavzusiga qaratilgan.

Rossiya IIV rahbarining so‘zlariga ko‘ra, tez orada noqonuniy migratsiyaga qarshi faoliyat yuritadigan va migrantlar huquqini himoya qiladigan Rossiya-O‘zbekiston ishchi guruhlari tashkil etish kerak bo‘ladi. U bu boradagi hamkorlikni ShHT Hududiy Aksilterror Tuzilmasi doirasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni taklif qilgan.

Vazirlar uchrashuvi doirasida Rossiya va O‘zbekiston vazirliklari o‘rtasida 2017-2018 yillardagi hamkorlik bo‘yicha protokol imzolangan.

«Mazkur hujjat ikki mamlakat huquq-tartibot organlarining istiqbolda o‘zaro manfaatli va konstruktiv ish olib borishlari uchun samarali dastur bo‘lib xizmat qiladi. Bu davlatlarimiz hududida jinoyatchilikka qarshi kurash tizimini tashkil etishga imkon beradi», – deya qayd etgan Vladimir Kolokoltsev.

Mavzuga oid