Millatning eng asosiy boyliklaridan biri bu – til hisoblanadi. Dunyoda qancha millat va elat bo‘lsa, shuncha til mavjud. Til millatning jahonda tutgan o‘rni, uning tarixi va kelajagini belgilaydigan mezondir. Uning yo‘q bo‘lib ketishi yoki buzilishi millat ma'naviyatiga, o‘zligiga jiddiy putur yetkazadi.

Bir voqea sabab shu mavzu haqida gapirgim keldi. Bir qarashda u narsa oddiy yoki arzimasdek tuyuladi, lekin mohiyatan olib qaralsa, buning ostida katta sharmandagarchilik yotibdi. 21 may kuni aralash jang san'ati (MMA) ustasi, rossiyalik jangchi Habib Nurmagomedov va uning sportchi do‘stlari Toshkent shahriga tashrif buyurdi. Shu munosabat bilan matbuot anjumani ham tashkil etildi. Ta'kidlash joizki, ushbu matbuot anjumani hissiyotlarga boy va qiziqarli o‘tdi. Ammo ana shu tadbirda odamlarimiz o‘zlari sezmagan holda bir narsada no‘noq ekanliklarini sezdirib qo‘yishdi, ya'ni salomlashish jarayonida.

Habib Nurmagomedov dog‘istonlik. Diniy e'tiqodiga ko‘ra musulmon. Shunga ko‘ra, unga va do‘stlariga savol berishdan oldin odamlarimiz so‘zlarini salomdan boshlashdi. Bu juda yaxshi, lekin salomni Kavkaz ohangi va shevasida berishdi. Masalan: o‘zbekchada “Assalomu alaykum” deyilsa shu kalom Kavkaz shevasida: “Assalamalaykum” deb jaranglaydi. Biz o‘zbekmiz, musulmonmiz. Qadim-qadimdan gapimizning boshi salomdan boshlangan va bu an'ana hamon davom etmoqda. Nega endi o‘zimizni o‘zbek shevasida, o‘zbekchasiga salom berish o‘rniga Kavkazcha ohangda yoki shevada salom beryapmiz? Ayb emasmi bu? Arablarda salomlashishning “As salamu alayka” degan shakli ham uchraydi, ertaga biror arab mehmonga ham shunday deb salom beramizmi?

Bunday bo‘lishiga sabablarning eng kattasi so‘nggi paytlarda salom nimaligini unutib qo‘yganimizdir. Toshkent taraflarda “soleykum”, “salom” deyilsa, ayrim viloyatlarda buni ham o‘rinlatishmaydi: “Ha, yaxshimi?”, “Ey, zo‘rmi?”, “Qandoqsan?”dan boshlanadi gaplar. Ammo biror kavkazlik bilan suhbatlashilsa (ayniqsa, u mashhur bo‘lsa) darrov tuslaniladi: “Assalamalaykum brat!”. Kulgili va bachkana emasmi?