O‘zbekiston | 14:20 / 24.05.2017
11064
2 daqiqa o‘qiladi

Rustam Azimov va Turkiya bosh vaziri o‘rinbosari o‘rtasida muzokaralar o‘tkaziladi

Foto: Sputnik

Turkiya bosh vaziri o‘rinbosari Tug‘rul Turkesh 24—26 may kunlari O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Bu haqda Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi xabar bergan. 

U O‘zbekistonga savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston va Turkiya hukumatlararo qo‘shma komissiyasining to‘rtinchi majlisida ishtirok etish uchun kelmoqda.

Majlisda O‘zbekiston delegatsiyasiga bosh vazir o‘rinbosari Rustam Azimov boshchilik qiladi. 

25 may kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi majlisida tomonlar turli sohalardagi hamkorlik rivoji bo‘yicha masalalarni muhokama etadi.

Shu kuni ikki davlat ishbilarmonlari, firma va kompaniyalari vakillari o‘rtasida biznes forum va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vaziri Nabi Avji boshchiligidagi delegatsiya ham 24—26 may kunlari O‘zbekistonga tashrifini amalga oshiradi.

Ushbu tashrif doirasida delegatsiya tarkibidagi turk sayyohlik firma va kompaniyalari vakillari o‘zbek hamkasblari bilan hamkorlik masalalarini muhokama qilishi ko‘zda tutilgan. Turkiyalik vazir tashrif doirasida Buxoroda o‘tkaziladigan «Ipak va ziravorlar» festivalida ham ishtirok etadi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid