Tjournal jinoiy ish ishtirokchisiga aylangan va Rossiya bilan xufiyona aloqalarda gumon qilinayotgan Wikileaks asoschisi va erkin axborot yalovbardorining tarjimai holi borasidagi maqola e'lon qildi.

Julian Assanj Londondagi Ekvador elchixonasi binosini balkonida, 2016 yil. Foto Sputnik

Joriy yilning 19 may kuni Shvetsiya hukumati 45 yoshli Julian Assanjga nisbatan e'lon qilingan va unga 5 yil davomida tahdid solib kelgan nomusga tajovuz borasidagi ayblovni bekor qildi. Wikileaks sayti asoschisining ismi 2010 yilda Amerika hukumati tomonidan fosh qilingach, mashhur bo‘lib ketgan edi, o‘shandan beri uning ismi tillardan tushmay kelayotir.

Maxfiy axborotlarni jamoatchilik bilan bo‘lishishni istagan Assanj Iroqdagi harbiy jinoyatlar haqida hikoya qilgan va turli davlatlarning maxfiy siyosiy manfaatlarini yoritib kelgan. Bu ishlar bilan parallel ravishda Assanj Rossiyaga bo‘lgan munosabatini keskin o‘zgartirgan, Amerika maxsus xizmatini o‘ziga nisbatan qayrab, turli mojarolarga aralashib qolgan va alal-oqibatda, Ekvadorning Britaniyadagi elchixonasida biqinib o‘tirishga majbur bo‘lib turibdi.

Birinchi katta fosh etish

2006 yilda avstraliyalik haker Wikileaks saytiga asos soladi, resursni rivojlantirishda dasturchining do‘stlari, shuningdek, anonim manbalar ishtirok etadi. Dastlabki chiqishlar Somali shayxining davlat arboblarini o‘ldirish rejalari, Keniya va terrorchilik hamda harbiy jinoyatlarda gumonlanadiganlar ushlab turiluvchi Amerikaning Guantanamo qamoqxonasida ildiz otgan korrupsiya haqida hikoya qilgan edi.

Xalqaro nashrlar, jumladan, The Guardian va The New York Times Wikileaks ma'lumotlarini yorita boradi, buning oqibatida 2009 yilda AQSh armiyasi askari Bredli Menning Assanj bilan aloqaga chiqadi. U Amerika harbiylarining Iroqdagi jinoyatlari haqida hikoya qilib berishni ich-ichidan istab yurgan edi va tez orada Assanjga minglab maxfiy hujjatlarni bera boshlaydi. Ularning ichida eng asosiy topilma AQSh armiyasi vertolyoti bortidan turib begunoh insonlarning o‘qqa tutilishi videoyozuvidir.

2007 yilning 12 iyulida piyoda qo‘shinlarga yordam berish uchun jangovar harakatlar zonasiga chaqirilgan Amerika vertolyoti 20 ga yaqin qurolsiz kishini o‘qqa tutadi, bu holatda go‘yoki vertolyot uchuvchisi ularning qo‘lida qurolga o‘xshash narsa ko‘rib qolgan bo‘ladi. Shundan so‘ng vertolyot voqea joyiga yetib kelgan mashinaga qarata o‘t ochadi va to‘rt kishini o‘ldiradi va ikki bolakayni yaralaydi. Hujum suratga tushirilgan yozuv 17 daqiqa davom etadi.