Jahon | 08:19 / 08.06.2017
9169
2 daqiqa o‘qiladi

Iroq Kurdistoni mustaqilligi bo‘yicha referendum o‘tkazishini e'lon qildi

Foto: Reuters

Iroq Kurdistonida 2017 yil 25 sentabrda muxtor viloyatning mustaqilligi bo‘yicha referendum o‘tkaziladi. Bu haqda Iroq Kurdistoni hukumati raisi Mas'ud Borzoniyning yordamchisi Hamin Havromiyga iqtibos keltirgan holda Iraqi News nashri xabar bermoqda

"Katta yangiliklar. Kurdistonning mustaqilligi bo‘yicha referendum 25/9/2017 da o‘tadi", deb yozdi Havromiy tvitterda.

Kurdlarning milliy-hududiy o‘z-o‘zini boshqarishi uchun kurashiga 4 ta davlat: Turkiya, Iroq, Suriya va Eron qarshilik ko‘rsatib keladi. Kurd milliy harakatiga eng ko‘p qarshilik Iroqda ko‘rsatilgan, biroq bu davlat 1970 yilda mamlakat ichida Kurdiston viloyatini rasmiylashtirishga majbur bo‘lgan. AQShning Iroqning sobiq rahbari Saddam Husaynni to‘ntarish bo‘yicha harbiy operatsiyasidan keyin kurdlar muxtoriyatga erishishgan va bu 2005 yilda Iroq konstitutsiyasida mustahkamlanib qo‘yilgan. Biroq hudud rasman Iroq tarkibida qolgan. Iroq Kurdistoni shu yillar davomida Peshmerg – Saddam Husayn vaqtida yashirincha harakat qilgan kurd partizan otryadlaridan tuzilgan  jangovar armiyani shakllantirib mustaqil davlat modelini qurib kelgan.     

Iroq Kurdistoni 2014 yilda Peshmerg yordamida neft bilan boy Kirkuk shahrini IShID jangarilaridan tortib olishga muvaffaq bo‘lgan. Natijada bungacha Iroq hukumatiga bo‘ysungan shahar kurdlar boshqaruviga o‘tgan. Endi agar Iroq Kurdistoni mustaqilligi e'lon qilinsa, bu shahar Yaqin Sharqda vujudga keladigan yangi davlat tarkibiga kiradi. 

Mavzuga oid