Britaniyalik arxeologlar jamoasi Efiopiyaning şarqiy qismida eramizdan avvalgi X asrda bunyod etilgan Xarla şahri qoldiqlarini aniqlaşdi. Şahar içida XII asrda qurilgan masjid bölgan. Arxeologlarning tasdiqlaşiça, qaçonlardir Xarla bahaybat insonlar şahri hisoblangan.

Xarla şahri viloyat miqyosidagi savdo markazi bölgan, deb hikoya qiladi Britaniyaning Ekseter universiteti professori Timoti Insoll. Uning sözlariga köra, şahar hunarmandçiligi zargarlik va qimmatbaho buyumlar yasaşga ixtisoslaşgan bölgan.

“Xarla aholisi aralaş bölib, xorijlik va mahalliy elatlardan taşkil topgan. Ular Qizil dengiz, Hind okeani va hatto Arab körfazi hududlarida joylaşgan mamlakatlar bilan savdo-sotiq işlarini olib borişgan. Bu yerdan Madagaskar, Maldiv orollari, Yaman va Xitoydan keltirilgan buyumlar topildi”, dedi professor.

“Bi-bi-si”ning Efiopiya xizmati muxbiri Emmanuel Igunzaning aytişiça, şahar qoldiği topilgan hududda ilgari bahaybat odamlar yaşagan va ular juda ulkan inşootlar qurişgan. Bu haqda mahalliy aholi orasida afsonalar ham mavjud.

Arxeologlar jamoasining ma'lum qilişiça, topilmalar örganiladi va qaziş işlari keyingi yilda ham davom ettiriladi.