Jahon | 16:34 / 29.06.2017
5378
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp bir ziyofatning o‘zidayoq keyingi saylov kampaniyasi uchun 10 million dollar to‘pladi

Foto: Politico

Vashingtonning Trump International mehmonxonasida uyushtirilgan kechki ziyofatda 300 kishi ishtirok etdi. Respublika partiyasi Milliy qo‘mitasining matbuot kotibi Lindsi Jensik shu haqida xabar berdi

AQSh prezidenti Donald Tramp 2020 yilda bo‘lib o‘tadigan kelgusi saylovlarga jiddiy tayyorgarlik ko‘ra boshlagan ko‘rinadi. Associated Press (AP) agentligi xabariga ko‘ra, Tramp chorshanba kuni o‘zining kelgusi saylov kampaniyasiga mablag‘ yig‘ishga qaratilgan ziyofat  uyushtirgan va 10 million dollarga yaqin pul ishlashga muvaffaq bo‘lgan. 

Manbaga ko‘ra, Prezident ishtirokida o‘tgan kechki ziyofatda 300 nafar kishi qatnashgan. Ikki soatlik ziyofat chiptalarining har biri 35 ming dollarga baholangan. Ta'kidlanishicha, ziyofat Trampning siyosiy raqiblari e'tiborini jalb qilgan. Bino oldida faollar guruhi to‘plangan, ularning qo‘llarida "Soliqlarni qisqartirish emas, sog‘liqni saqlash" yozuvi tushirilgan plakatlar bo‘lib, "Sharmanda!" deya qichqirishardi.

Agentlikda keltirilishicha, Amerika prezidenti o‘zidan oldingi rahbarlarning an'anasini buzib, ziyofatga muxbirlarni kiritmagan. Ma'lumotlarga ko‘ra, dastlab jurnalistlarga Tramp so‘zga chiqqan vaqt zalga kirishlari mumkinligi aytilgan, biroq keyin tashkilotchilar fikri o‘zgargan va u yerga matbuot vakillarini qo‘yishmagan. 

Amaldagi prezidentning mablag‘ yig‘ish jarayoni juda erta - keyingi saylovlarga 3,5 yil qolganda boshlangan. Biroq Oq uy matbuot kotibi o‘rinbosari Sara Sanders buning hech ajablanarli joyi yo‘qligini ta'kidlagan. 

2016 yilda Tramp mablag‘ yig‘ish jarayonini ancha kech - saylovlarga olti oy qolganda boshlagandi. U avval o‘zining shaxsiy mablag‘larini kiritdi va keyinroq moliyaviy yordam uchun donorlarga murojaat qildi. 

Joriy yilning ilk uch oyida Trampning kelgusi saylov kampaniyasi uchun ochilgan bank hisobiga 7 million dollardan ziyod pul kelib tushgan. 

Mavzuga oid