«Dunyo» axborot agentligi xabariga koʻra, loyiha Oʻzbekistonning Pokistondagi elchixonasi, Xorazm viloyati hokimligi va kompaniya oʻrtasida olib borilgan muzokaralar natijasida yoʻlga qoʻyilgan.
Uning doirasida Xivaning yangi qismini zamonaviy shaharsozlik tamoyillari asosida barpo etish rejalashtirilgan. Hududda turar joy majmualari, ijtimoiy va tijorat obyektlari, transport hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, kommunal xizmat koʻrsatish obyektlari bosqichma-bosqich qurilishi koʻzda tutilgan.
Loyihani ilgari surish maqsadida elchixona koʻmagida kompaniya delegatsiyasining Xorazm viloyatiga bir necha bor tashrifi tashkil etilgan. Safarlar davomida loyiha uchun ajratilayotgan hududlar joyiga chiqib oʻrganilgan.
Shuningdek, kompaniya va Xorazm viloyati hokimligi oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolangan.
Habib Rafiq Engineering loyihada Pokistonda yirik shaharsozlik va infratuzilma obyektlarini barpo etish boʻyicha toʻplagan tajribasidan foydalanishni rejalashtirmoqda.
Xabarda investitsiya miqdori, loyiha maydoni va uni yakunlash muddatlari ochiqlanmagan.

















