O‘tgan hafta internet nashrlarda suratlari chop etilgan o‘n olti talabaning ayanchli holati ko‘z o‘ngimdan ketmayotir. Ahvol-ruhiyati yengiltabiat ayollarni, istiholaga ne hojat, fohishalarni eslatadi. Suratlarda ularning qaboqlariga ham qalin qora chiziq tortilgan. Tanish qiyin. Qo‘lga tushgan fohishalar jon holatda yalang‘och siynalarini choyshab bilan yopishga urinsa, hojatbaror yigitlar yerga qaragan. Shalviragan. Farqi – talabalar kiyimida. Hatto ayrimlari harbiy formada.

Voqea joyi – Toshkent axborot texnologiyalari universitetining (TATU) maxsus fakulteti. Vaqti - abituriyentlar test topshirgan kun – 2017 yilning 5 iyuli. Ilovadagi boshqa suratda esa qariyb bir qop qo‘l telefoni. Katta-kichik, oq-qora, eski-yangi. Ming xil. 

TATUda forma kiygan «zaychiklar» qo‘lga tushdi

O‘n olti navqiron yigit. Omi desangiz – birovning o‘rniga imtihon topshirmoqchi bo‘lishgan. Demak, xat-savodi bor. Nodon desangiz – o‘ylab topgan «hunari qirq eshakka yuk» bo‘ladi. Balki bu hunari ortidan ilgari ham mazaxo‘rak bo‘lishgandir. Yaxshi stipendiya olishsa, boshqalarga o‘rnak qilib ko‘rsatilsa, hatto majlislarda adl-u insof, yuksak ma'naviyatdan ma'ruzalar qilishsa, ehtimol. Balki o‘zlarini imon ahlidan deb ham bilishar. Ularni yollagan tanbal abituriyentlarning pul topib, kalla topmagan ota-onalari esa va'dani quyuq qilgani aniq. Ehtimol durustgina shirinkoma ham berishgandir. Hali kasb-korining tayini bo‘lmagan tanbal o‘g‘lida buncha mablag‘ – 50-60 million ne qilsin. 

Bu poytaxtimizdagi nufuzli dorulfununning bitta (yana harbiylashgan!) fakultetida yuz bergan voqea. Fojia! Qo‘lga tushgani o‘n olti qallob. Tushmagani-chi? Aslida hayron qolarli joyi bormi? Bu mamlakatimiz oliy ta'lim muassasalariga xos ko‘rgilik-ku! Milliy fojia. Imtihonga birovning o‘rniga boshqa birovning kirishi, «rektorning ro‘yxati», «bunker», test savollarini shpargalka yoki telefondan foydalanib yechish... Ishonmasangiz, birinchi avgust kuni istagan oliy o‘quv yurtining darvozasi oldiga borib turing. Tomosha qiling. Talabalikka da'vogarlardan olib qo‘yilgan qop-qop telefon, g‘aram-g‘aram shpargalka, kitob, yasamasoch - parikni ko‘rib, tavbalar qilasiz. Go‘yo ayrim abituriyentlarning butun kuchi, salohiyati, iqtidori o‘qish, bilim olishga emas, imkoni boricha ilmu ma'rifatdan yiroqroq yurishga, hammaning ko‘zini shamg‘alat qilishga yo‘naltirilgan. Firibgarlikning million xilini o‘ylab topishayotirki, ko‘rib, qilni qirq yorgan qamoqxona nozirlari ham tilini tishlashi aniq. Darvoqe, shu kecha-kunduzda eng bozori chaqqon tovar nima, bilasizmi? Ulamasoch!