AQSh prezidenti Donald Tramp payshanba kuni Fransiyaning bosh bayrami bo‘lmish Bastiliya kunidan bir kun avval Parijga — prezident Emmanuel Makron bilan uchrashishga yetib keldi.

Bu yil AQShning birinchi jahon urushiga qo‘shilganiga 100 yil to‘ladi va Bastiliya kunida o‘tkaziluvchi paradda fransuzlar bilan birgalikda amerikalik harbiylar ham ishtirok etadi. 

Qaysi prezident paradni sevmas ekan? Ayniqsa, bu parad biror-bir inqilobiy voqea sharafiga o‘tkazilsa.

Ikki oy muqaddam fransuz kibor doiralarida inqilob tashkillashtirgan Makronning ko‘ngliga Frantsuz inqilobini nishonlash uchun o‘tkaziladigan paradga Atlantika okeanining narigi qirg‘og‘idan boshqa bir inqilobchini chaqirishni xudo solganga o‘xshaydi.

Boz ustiga, bu yilgi parad fransuz va amerikalik askarlar yelkama-yelka jang qilgan chog‘larni yodga solishi kerak, bu esa ikki davlat o‘rtasidagi shaxsiy va siyosiy aloqalar yomonlashgan vaqtda juda zarur hisoblanadi. 

Hozir birodarlik va birdamlikni ushlab turish juda qiyinlashib qolgan zamon.

Tarixda ittifoqchi davlatlar rahbarlari Tramp va Makron qisqa vaqt ichida namoyish etganchalik ko‘p ziddiyatini ko‘rsata olmagan bo‘lsa kerak.

May oyida, NATOning noformal sammiti oldidan Makron kameralar qarshisida Trampning o‘ziga xos qo‘l siqib, «tortib qo‘yish» usulida undan ilgariladi va Amerika prezidentining qo‘lini shunaqangi siqib qo‘ydiki, bechora Trampning suyaklari oqarib ko‘rinish berdi — yana Emmanuel bir necha soniya uni qo‘yib yubormay turdi.

Keyinroq, Tramp va Makronni tanishtirish uchun tashkillashtirilgan o‘sha sammitning o‘zida ko‘pchilikning nazdida Makron Amerika prezidentining keng ochilgan qulochlariga oshiqmasdan, boshqa yetakchilar bilan shoshilmasdan ko‘rishib chiqib, uni kutib turishga majburlab, masxara qilgan.

Keyin Tramp iqlim bo‘yicha Parij kelishuvidan AQShning chiqishini e'lon qildi. Makron shu ondayoq ingliz tilida videomurojaat qilib, shu sohada ishlovchi amerikalik olimlarni Fransiyaga taklif etgan va Trampning saylovoldi shiorini biroz o‘zgartirib, masxaraomuz ohangda qaytargan — «sayyoramizni yana buyuk qilaylik», deya chorlagan.