12:18 / 11.08.2017
7033

Abdulaziz Komilov Afg‘oniston masalasi yechimi uchun boshqa mamlakatlarni ham faollik ko‘rsatishga chaqirdi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov «Markaziy Osiyo – O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishi» nomli xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun Toshkentga tashrif buyurgan BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi (MOPDMM) rahbari Petko Draganov bilan uchrashdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bergan.

Suhbat chog‘ida ikki tomon diplomatlari o‘tkizilajak forum mavzusi yuzasidan fikr almashishdi. Shundan so‘ng, Tashqi ishlar vaziri «Markaziy Osiyo - O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi» mavzusida tashkil etilgan xalqaro anjuman ishtirokchilarini samimiy qutlab, tabrik so‘zi bilan anjuman ish faoliyatini ochib berdi.

«Markaziy Osiyo mamlakatlarining har biri bilan umumiy chegaraga ega bo‘lgan O‘zbekiston mintaqada xavfsizlik va barqarorlikning hukm surishidan, rivojlanish va yaxshi qo‘shnichilik aloqalari mustahkamlanishidan manfaatdor ekanini ta'kidlab o‘tmoqchiman. Qo‘lga kiritilgan yutuqlarga birma-bir to‘xtalib o‘tmayman, aytish mumkinki, biz mintaqada yangi siyosiy muhitni yarata oldik», - deydi vazir.

Shuningdek, Abdulaziz Komilov qo‘shni Afg‘oniston muammosiga to‘xtalib o‘tib, uning yechimi xususida fikr bildirdi:

«Afg‘onistonda barqarorlikni ta'minlash faqat iqtisodiy rivojlanish orqali qo‘lga kiritilishi mumkin. Bunday maqsadni ro‘yobga chiqarish uchun mintaqadagi qolgan davlatlar ham faol bo‘lishi kerak», - deydi u.

Top