Ba'zi odatlarimiz hayotimizga qanchalik zarar yetkazishi mumkinligini hatto sezmay ham qolamiz. Tartibsizlik, barcha ishga bittada kirishish istagi va xabarlarga darhol javob berishga intilish bizning ishdagi samaradorligimizga sezilarli ta'sir ko‘rsatadi. "Layfxaker" ishdagi samaradorlikka xalaqit beruvchi to‘rt odat va ulardan qanday qutulish mumkinligiga doir ma'lumotlari bilan bo‘lishdi.

1. Har besh daqiqada xabarlarga chalg‘ish

Biz bir kunda o‘rtacha to‘rt soatni telefonda o‘tkazamiz, bu vaqt ichida taxminan 85 ta xabar yo‘llaymiz. Bu qo‘rqinchli eshitilishi mumkindir, biroq har safar xabarga javob berayotganimizda biz diqqatimizni bo‘lamiz va o‘z samaradorligimizga ziyon yetkazamiz.

Nima qilish kerak?

Har besh daqiqada chalg‘imaslik uchun xabarlarni o‘chirib qo‘ying yoki muayyan vaqt, masalan bir soat davomida telefonni tekshirish odatidan voz kechishga urinib ko‘ring. Shunda joriy ishlardan kamroq chalg‘iysiz.

2. Ko‘pincha "ha" deb javob berish

Agar hamma narsaga rozi bo‘laverib, biryo‘la bir necha ishga kirishsangiz, ularning bittasini ham sifatli bajara olmaysiz. Natijada haqiqatda qiziq ish bilan shug‘ullanishga vaqtingiz qolmasligi mumkin.

Nima qilish kerak?

Sizga "yangi loyiha" taklif qilishganida "ha" deb javob berishga shoshilmang. Bu sizning qisqa va uzoq muddatli maqsadlaringizga qanday ta'sir ko‘rsatishi haqida o‘ylab ko‘ring. Agar yangi topshiriq eskisini bajarishga halaqit bersa, undan voz kechgan ma'qul.

3. Ishlarni tartibsiz olib borish

Albatta, ish joyidagi tartibsizlik - daholik belgisi, deb o‘ylash yoqimli. Aslida esa u samaradorlikka xalaqit beradi, zero bunda siz bir topshiriqdan boshqasiga o‘tishingiz va nimada to‘xtaganingizni o‘ylab o‘tirishingizga to‘g‘ri keladi.

Nima qilish kerak?

Jismoniy va raqamli tozalash ishlarini o‘tkazing. O‘z vazifalaringizni qanday taqsimlayotganingiz va ular ustidan qanday nazorat olib borayotganingiz haqida yaxshilab o‘ylab oling. Loyihalarni boshqarish jihozlari (Basecamp, Trello, Asana), shuningdek eslatma va ro‘yxatlar tuzish ilovalari (Evernote, Dropbox Paper)dan foydalanishga harakat qilib ko‘ring. Barcha vazifalaringizni tartibga keltirib, ularni muhimligiga qarab bosqichlarga ajratib chiqing.