KUN.UZ tahririyati O‘zbekiston Xalq ta'lim vaziri Ulug‘bek Inoyatov bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Unda vazirning Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan 16 avgust kungi uchrashuvi haqida so‘z yuritildi, shuningdek, sohaga oid so‘nggi o‘zgarishlar, 10-sinf masalasi va boshqa ko‘plab dolzarb​ masalalar ko‘tarildi. Vazirning tahririyat jurnalisti bilan suhbatda aytishicha, Prezident bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda vazirlikning yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik holati tanqidiy tahlil qilingan, oldindagi vazifalar belgilab berilgan.

Yangi vazirlik haqida

Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 avgust kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda maktabgacha ta'lim tizimini isloh qilishdagi kamchiliklarni ochib, xalq ta'limi tizimidan maktabgacha ta'lim tizimini alohida vazirlik sifatida ajratib chiqish kerakligi, ya'ni, Maktabgacha ta'lim vazirligini tashkil etish kerakligi, respublikadagi 5 mingta bog‘chalarni rivojlantirish lozimligi masalasini qo‘ydi. Xalq ta'lim vazirligi – bu juda keng ko‘lamga ega vazirlik. Tizimda 775 ming xodim faoliyat yuritadi. Bu tizimni boshqarishning mushkulligini barcha ko‘z oldiga keltira olsa kerak. Ana shu nuqtai nazardan prezidentimiz bu alohida vazirlik bo‘lishi kerak, maktabgacha ta'lim tizimi uchun alohida e'tibor qaratishimiz lozim, degan masalani qo‘ydilar

O‘qituvchilarni mehnatga jalb etish

Har bir inson o‘zining uyini o‘zi tozalashi, obod qilishi kerak. Har bir maktabda ishlovchi o‘qituvchi va o‘quvchi o‘zining maktabini obod qilishi kerak. U o‘zining maktabini, hududini, ko‘chasini tozalamasa, barcha yer chiqindi bo‘lib ketadi-ku. O‘zi o‘sha yerda yashab, o‘sha yerda nafas oladi-ku. Maktabni obod qilish juda katta tarbiyaviy ahamiyatga ega. Biz o‘quvchilarimizda mehnat ko‘nikmasini shakllantirishimiz kerak. Bu butun dunyoda qilinadigan ish. So‘nggi 5-6 yilning ichida maktablar paxta yig‘im-terimiga umuman jalb etilmagan. Xalqaro tashkilotlar bor, ular buning barchasini kuzatib turishadi. Jamoatchilik, ota-onalar bor. Ular farzandini o‘qishning o‘rniga, paxta dalasiga chiqartirib qo‘ymaydi. Bu qat'iyan man etilgan. Endi ayrim o‘qituvchilarimizning darsdan keyin chiqib, o‘zi uchun mablag‘ ishlashi – marhamat. Uyi dalaning oldida bo‘lsa, buning yomon jihati yo‘q. O‘zbekistonning boyligi uchun chiqib, o‘zining yana pul ishlab olish imkoniyati bor. Lekin majburan hech kim bu ishga jalb etilmaydi. Har bir inson o‘zining huquqi, majburiyati, burchini tushunishi kerak. O‘zining haq-huquqlarini tushunishi lozim. Biz qaysi zamonda yashayapmiz? Bor dalaga, desa, dalaga chopqillab chiqib ketavermaydi-ku. U oliy ma'lumotli, ziyoli o‘qituvchi-ku. O‘zining haqini talab qila oladi. Rahbarlar haqida gapiradigan bo‘lsak, ularni tayinlash bu faqat yakka hokimlikning vazifasi emas. Tuman rahbari bu vazir vakolatida. Tuman Xalq ta'limi bo‘limi rahbari mening buyrug‘im bilan tayinlanadi, albatta, hokimlikning tavsiyasi bilan.