O‘zbekiston Bosh prokuraturasi delegatsiyasi Qozog‘iston Bosh prokuraturasi taklifi bilan Ostonaga amaliy tashrif bilan keldi. O‘zbekiston vakillari “Xalqaro aloqalarga ega moliyaviy jinoyatlarni tergov qilish” mavzusidagi xalqaro seminar-treningda ishtirok etdilar. Seminar-trening Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti dasturlarining Ostonadagi ofisi va AQShning Qozog‘istondagi elchixonasi ko‘magida o‘tkazildi. Bu haqda uzdaily.uz xabar bermoqda.

Seminar-treningdan maqsad transmilliy moliyaviy jinoyatlarni tergov qilish va noqonuniy aktivlarni qaytarish sohasida mutaxassislarning malakasini oshirish, tajriba almashish, yuqori malakali va bilimga ega xodimlarni tayyorlashdan iborat bo‘ldi.

5 kunlik treningda shuningdek Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Pokiston huquq-tartibot idoralari xodimlari ham ishtirok etdilar.

Tashrif doirasida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Oliy o‘quv kurslari va Qozog‘iston Bosh prokuraturasi huzuridagi Huquq-tartibot idoralari akademiyasi o‘rtasida memorandum imzolandi.

Memorandumda ta'lim, ilmiy-tadqiqot va innovatsiya sohalarida hamkorlikni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari Qozog‘iston prokuraturasi organlari tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijalari bilan tanishishdi.