Xalqaro Vivek Anand fondi - Hindistondagi yetakchi tadqiqot markazlaridan biri. Fond tuzilmasida tashqi siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot, tsivilizatsion taraqqiyot tadqiqot markazlari faoliyat yuritadi. Shu fond xodimi Skand Ranjan Tayal kuni kecha O‘zbekiston Prezidentining radikallashuv monitoringi bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» haqidagi maqolasini taqdim etdi.

Mustaqillikning ilk kunlaridanoq aholisining katta qismi islom diniga e'tiqod qiluvchi O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari jamiyatda radikallashuv jarayonlarini bartaraf etishga alohida e'tibor qaratmoqda.

Taraqqiyot va rivojlanish tarafdori bo‘lgan O‘zbekistonning dunyoviy mamlakat maqomini saqlab qolishi - O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan asosiy vazifa etib belgilandi. Uning adolatli va raqobatbardosh kechgan saylovlarda 88 foizdan ziyod saylovchi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan g‘alabasi O‘zbekiston Respublikasining kuch-qudrati va yetukligini namoyish etdi. Islom Karimovning 26 yillik boshqaruvidan keyin siyosiy hukumatning topshirilishi mamlakat Konstitutsiyasiga muvofiq, tinchlik va barqarorlik sharoitlarida amalga oshirildi.

Lavozimga kirishgan kundan boshlab sakkiz oy ichida Prezident Mirziyoyev kollegial boshqaruv uslubini qo‘lladi. Prezident eng avvalo yaqin qo‘shnilar bilan aloqalarni mustahkamlash uchun aniq qarorlar qabul qildi.

Prezident Mirziyoyev o‘zbek jamiyati, ayniqsa yoshlari orasida radikallashuvning tarqalishi monitoringi va buning oldini olishga alohida e'tibor qaratmoqda. 2017 yilning 15 iyunida Toshkentda o‘tgan anjumanda yangragan «Vatan kelajagi yo‘lida yanada hamjihat bo‘lib, qat'iy harakat qilish - zamon talabi» ma'ruzasida Prezident bu muhim masalada davlat siyosatini amalga oshirishda «Yo‘l xaritasi»ni  belgilab berdi.

O‘zbekistonda 2017 yilning «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» deb e'lon qilingani diqqatga sazovordir. Prezident Mirziyoyev o‘z chiqishida o‘zbek xalqining bag‘rikengligi va saxovatli ekanini qayd etgan holda, O‘zbekistoning Konstitutsiya hamda qonunlari millati va dinidan qat'i nazar, barcha fuqarolar uchun teng huquq va erkinlik bilan ta'minlashini ta'kidladi.

Prezident Mirziyoyev mustaqillik qo‘lga kiritilgandan so‘ng O‘zbekistondagi masjidlar soni 80 tadan (sovet davrida) 2042 taga (bugungi kunda) oshganini ta'kidlab, mamlakatda qabul qilingan vijdon erkinligi kafolatini ta'minlashga doir chora-tadbirlar haqida so‘z yuritdi.

Davlat rahbari Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan AQSh va Arab mamlakatlari sammitidagi ishtirokini yodga olib, ekstremizmni tag-tubi bilan yo‘q qilish tarafdorlari bo‘lgan xalqlarning birlashishi zarurligini aytdi. Prezident xalqaro terrorizm, ekstremizm, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishi va diniy masalalardagi ziddiyatlarning kuchayishidan butun insoniyat xavotirda ekanini ta'kidladi va "turli mamlakatlardagi terrorchilik hujumlarini amalga oshirganlar orasida millatimiz vakillarining borligi xalqimizda taassuf uyg‘otishini" bildirdi.