Ruslarning bir maqoli bor: «Vse za chistotu, no nikto venik ne beryot». Mazmuni juda oddiy, hamma tozalik deb jar soladiyu, hech kim qo‘liga supurgi olishni xohlamaydi.
Oxirgi paytlarda muammolar haqida arz qilish bo‘yicha juda keng imkoniyatlar yaratildi. Prezident portali, xalq qabulxonalari, ochiq muloqotlar... Ammo ularga bo‘layotgan murojaatlar tahlil qilinsa, salmoqli qismi aniq bir shaxsning shu ondagi muammosi ekanligi ma'lum bo‘ladi. Kimdir uyida o‘tin yo‘qligidan shikoyat qilgan, kimgadir bitta sigir kerak, yana kimdir mashinasiga chiroyli raqam ilinjida. Bir qizning sevgan yigiti o‘ziga uylanishni paysalga solayotgani uchun portalga shikoyat qilgani, bir abonentning esa aloqa kompaniyasi tug‘ilgan kunida uy hadya qilmagani ustidan yozgani alohida mavzu, alohida kulgu.
Ya'ni murojaatchilarning ma'lum bir qismi shu bugungi kun bilan umr o‘tkazadi, arzimas muammolarni yengolmay halak va eng g‘alatisi ularda boqimandalik kayfiyati mavjud. Davlat hammasini yechishi lozim, kimdir hoziroq kelib mening masalamni hal qilishi shart, degan fikrda yashashadi.
Albatta, ma'lum bir hudud aholisini, biror shaharni va umuman jamiyatni qiynayotgan muammolar haqida yozganlar anchagina. Ularning kuyunchakligiga shubha yo‘q. Ammo yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanib nolishni kasb qilib olayotganlar, tanqid qilsang obro‘ning tagida qolasan, degan uslubni qo‘llayotganlar ham afsuski bor.
Eng qizig‘i, ko‘pchilik o‘z muammosi shu ondayoq yechilishini istaydi. Buning uchun vaqt kerakligi, yetarli sharoit zarurligini anglab yetmaydi, «davlatning pulini yeb yotibsanmi, hal qilasan, tamom» tamoyiliga amal qiladi.
O‘ylab ko‘raylik, juda mayda muammolarga o‘ralashib ketmayapmizmi? Ko‘zimiz maishiy masalalarni ko‘rish bilangina cheklanib qolmayaptimi? Eng muhimi, o‘zimiz yeng shimarsak, bir pasda amalga oshirishimiz mumkin bo‘lgan ishlarni jar solishga o‘rganib olmayapmizmi, yechimni izlash o‘rniga muammoni topish va ko‘z-ko‘z qilishga odatlanmayapmizmi?
Albatta, ko‘pchilikni qiynayotgan muammolar borligiga ko‘z yumib bo‘lmaydi. «O‘zi tishim og‘rib turganida chet elda zilzila bo‘lib, ming kishi o‘lgani to‘g‘risidagi bema'ni gaplaring bilan boshimni qotirmasangchi» deya yozg‘irgan ekan bir kishi. Kimdir uyida tabiiy gaz yoki elektr energiyasi yo‘qligi uchun sovqotib o‘tirganida dunyoviy masalalardan so‘z ochish o‘rinsiz tuyilishi mumkin. Ammo baribir atrofga teranroq nazar tashlashimiz lozim.
Ikkinchi jahon urushi mehnat faxriysi bo‘lgan, yoshi to‘qsondan hatlagan onaxonni yetaklab, nurab ketgan uy atrofini aylanayotgan va «onam bilan bu uyda yashab bo‘lmaydi, davlat bizga uy bersin, to‘kilib yotganini qarang buni», deya dalil sifatida qo‘li suvoqlarni ko‘chirib tashlayotgan yo‘g‘on erkakka qanday ta'rif berish mumkin? Yoki mahallasidagi stadionni tikan bosib ketgani uchun «Bu stadionda qo‘ylar futbol o‘ynaydi. Qachon bizning stadionimizni tozalab berishadi?» deya o‘zicha lavha olib internetda tarqatgan yigit nimani ko‘zlamoqda? Nahot yoniga to‘rt nafar tengdoshini to‘plab, qo‘lga ketmon olib, o‘zi o‘ynaydigan joyni tozalab tashlashdan ko‘ra, hammaga o‘z qishlog‘ini va o‘zini sharmanda qilish ma'qul tuyilsa? Odatda uyi yonidagi axlatni boshqaga ko‘z-ko‘z qilguncha, qo‘lga supurgi olmasmidi xalqimiz?













