Jiddiy va kuchli raqobat sharoitida xaridorlarni o‘ziga jalb qilishni istagan sotuvchilar ko‘proq ter to‘kishiga to‘g‘ri keladi. Bizning davrga kelib, savdoda yuqori texnologik yechimlarni amaliyotda qo‘llash - serdaromad tadbirkorlik faoliyatining birlamchi garovi bo‘lib qolmoqda. Quyida marketologlar e'tiborida bo‘lgan ana shu turkumdagi yechimlar bilan tanishib chiqish mumkin.
Raqamli reklama
Google kompaniyasi taqdim etgan ma'lumotga ko‘ra, o‘ziga yaqin hududda joylashgan savdo shoxobchasini qidirganlarning 76 foizi shu manzilga 24 soat ichida tashrif buyuradi. Shuningdek, qidiruvlarning 28 foizi xaridni amalga oshirish bilan yakunlanadi. Shu bois, ko‘plab tadbirkorlar o‘z mijozlarini internet platformalarida, ijtimoiy tarmoqlarda qidiradi. E'tiborli jihati shundaki, istiqbolli mijozlarning 29 foizi kompaniya yoki shoxobcha saytini mobil ko‘rinishda juda sekin ishlagani yoki qidiruv tizimi yaxshi rivojlanmagani uchun tark etadi. Bu xabarni tahlil qilib chiqqan, Walmart rahbariyati xizmat ko‘rsatish saytining mobil konversiyasini 2 foizga takomillashtirishga qaror qildi, natijada smartfon orqali tashrif buyurgan mijoz saytni ochishda ortiqcha to‘rt soniyani yo‘qotmaydi.
Mahalliy marketing uslubi
Raqamli texnologiyalar sotuvchiga atrofdagi harakatlarni elektron tartibda qayd qilib borish imkoniyatini taqdim etadi. Geotreking (joylashuvni aniqlash) funksiyasi orqali manzilni aniq uzatish va internet tarmog‘ida faoliyatingizni belgilab o‘tishingiz mumkin.

Bundan tashqari, xizmat ko‘rsatish maydonida paydo bo‘lgan iste'molchilarga turli aksiya va chegirmalarni taklif qilish, xabar yo‘llash imkoniyati bilan «qarmoq» tashlash mumkin.
«Qaynoq» xarita
Shoxobchaning qayerda ochilishi biznesning kelgusi faoliyatiga katta ta'sir o‘tkazadi, agar odam gavjum bo‘lmagan, aholi yashash hududidan uzoqda joylashgan maskanda savdo do‘koni ochilsa, mantiqan uning xaridorlari kam bo‘ladi. Mijozlarni uyali telefoni orqali ularning harakat yo‘nalishi aniqlash mumkin. Aholi gavjum bo‘ladigan joy, markaz «qaynoq» xarita va kundalik marshrutlar bo‘yicha belgilanadi. Bu barcha tadbirkorlarga qo‘l kelishi mumkin.















