"Ikki eshik orasi" ko‘rsatuvida jurnalist Dilshoda Matchonova taniqli rejissyor Zulfiqor Musoqov bilan mazmunli suhbat qurdi. Suhbat davomida rejissyor dilidagi gaplarni ochiq-oydin bayon etdi. KUN.UZ sayti ushbu qiziqarli kechgan suhbat matni va videosini diqqatingizga havola qilishga jazm qildi.

- O‘zingizni shu kasbga fido qildingiz va nima oldingiz?

- Umrimni deyarli ikki joyda o‘tkazdim - "O‘zbekfilm" va uyim. Bir yo‘nalishda umrim o‘tdi. Bundan hech norozi emasman. Lekin ko‘pincha ijodkorning mehnati (shaxsan o‘zimni aytmayapman) oqilona baholanmaydi.

- Oqilona baholanish deganda nimani nazarda tutyapsiz? Xalq e'tiborining o‘zi mukofot emasmi?

- Xudoga shukur, ozmi-ko‘pmi xalq orasida, mutaxassislarning orasida, chet elda o‘z o‘rnimga ega bo‘ldim. Shaxsan men uchun nolish bo‘ladi. To‘g‘ri, vaqt hamma narsani o‘z o‘rniga qo‘yadi-ku, ketgan asab tiklanmaydi-da.

- Haqiqatan, o‘zingizga kasal orttirdingiz deylik. Siz har doim yuzga aytadigan, betgachopar, andishani bilmaydigan, qaysar, o‘jar, o‘zining gapini o‘tkazadigan rejissyorsiz. Nima uchun?

- "Baxt nimadan iborat?" deganda kimdir aytgan ekan:  "Birovning kaltafahmligi, qora niyatliligidan ozod bo‘lish, mustaqil bo‘lish". Afsuski, qaysarlik ham qo‘pollik emas, mana "Vatan" filmini oladigan bo‘lsak, uning ro‘yobga chiqishining o‘zi juda katta qiyinchilik bilan amalga oshdi

- 3 yil kutdim shu filmni, hatto arazlab ketib qolgan paytlarim ham bo‘ldi, oilamdan ketib qoldim Moskvaga, o‘sha yerda bir yil yashadim. Keyin qo‘ng‘iroq qilib "Vatan"ni qo‘yadigan vaqt keldi" deyishdi.

Hozir aytishim mumkinki, 32 million xalqimdan filmni ko‘rmagan odam qolmagandir o‘zbeklar orasida. Nafaqat o‘zbeklar, balki boshqa millat vakillari orasida ham. Chet elda - Amerikada, Germaniyada. Shu millionlab tomoshabinlarning ichida, nomma-nom bilaman, 9 kishi "Vatan" filmini butun vujudi bilan yomon ko‘rdi. Mayli, yomon ko‘rsa yomon ko‘rsin, lekin OAVda fisqi-fasod qilib, kurakda turmaydigan gaplar bilan meni ancha kamsitgan. Qanday qilib bularga munosabat qilishim kerak?! Ko‘rmay turib, shunday tuhamtlarga uchragan film. "Qo‘rg‘oshin"ni-chi? 4 yil kutdim! Tomoshabinlarimiz buyog‘ini bilmaydi-ku. "Qo‘rg‘oshin" filmi ssenariysining muhokamasida bir yoshi katta hamkasbimiz "Bu ssenariy uchun rejissyorni qamash kerak" degan. Agar shu narsa 1937 yilda bo‘lganida edi, qo‘limni qayirib olib ketishgan bo‘lardi. Vaholanki, bu 2011 yilda bo‘layotgan voqea. Aytyapman-ku, "San'atda men uchun nima og‘ir?" O‘sha kinoning atrofida yurgan diletantlar shu narsaning to‘g‘riligini isbotlashi. O‘tiradi-da g‘o‘ddayib, "Men kinoni tushunmasam-da, mening fikrim bunaqa" deb. Men "Kinoni tushunmasangiz, nima qilib o‘tiribsiz bu yerda?!" deb yuborgan paytlarim ham bo‘lgan.