O‘zbekiston | 15:28 / 08.09.2017
22793
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Imomali Rahmonni tabrikladi

Foto: Asia-Plus

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston rahbari Imomali Rahmonga mamlakat mustaqilligining 26 yilligi munosabati bilan tabrik yo‘lladi. Bu haqda Tojikiston prezidenti rasmiy sayti xabar berdi.

O‘zbekiston Prezidentining tabrik maktubida shunday deyiladi: 

«Hurmatli Imomali Sharipovich!

O‘zbekiston xalqi va o‘zimning nomimdan Sizni va qardosh mamlakat Tojikiston xalqini milliy bayram - Mustaqillik kuni bilan chin qalbdan tabriklayman.

Tarixiy qisqa vaqt ichida Tojikiston sizning oqilona rahbarligingiz ostida hayotning barcha sohalarida sezilarli muvaffaqiyatlarga erishdi. Tuzilmaviy o‘zgarishlar va iqtisodiy islohotlar muvaffaqiyatli amalga oshirilib, davlatning xalqaro maydondagi obro‘si izchil mustahkamlanib borilmoqda.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalarda ikki tomonlama munosabatlarning jadal rivojlanib borayotganini va turli darajadagi aloqalar jadallashganini alohida ta'kidlamoqchiman. 

O‘zbekistonda biz o‘zaro hamkorlikning butun kun tartibida ishonchli va konstruktiv muloqotni kengaytirish va chuqurlashtirishga, mavjud salohiyatdan hamda ko‘p qirrali hamkorlik uchun barcha imkoniyatlardan birgalikda foydalanishga tayyor ekanligimizni ta'kidlayman. 

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi an'anaviy yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va umumiy manfaatlarni hisobga olish tamoyillariga asoslangan munosabatlar ikki mamlakat xalqlari manfaati uchun izchil mustahkamlanib boraverishiga ishonchim komil.

Sizga, hurmatli Imomali Sharipovich, sihat-salomatlik, oilaviy farovonlik va mas'uliyatli davlat ishingizda muvaffaqiyatlar, birodar Tojikiston xalqiga tinchlik, osoyishtalik hamda farovonlik tilayman».

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid