«O‘tgan yillar mobaynida mamlakatimizda fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etishini ta'minlash, ijro etuvchi hokimiyat faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning izchil mexanizmlarini yaratish, jamoatchilik nazorati funksiyalarini yanada kuchaytirishga alohida e'tibor qaratib kelinmoqda».

Bunday so‘zlarni bugun o‘zini siyosatga u yoki bu darajada daxldor deb bilgan amaldorlar, partiya vakillariyu deputatlarning og‘zidan tez-tez eshitib qolamiz, ayniqsa jurnalistlarimiz shu so‘zlar bilan boshlamasa maqolalarini bo‘yalmagan uyday xunuk his qilsa, muxbirlarimiz shu so‘zlarni gapirmasa, demokratiyaning uvoli tutadigandek go‘yo!

Lekin, xalqimizda «holva degan bilan og‘iz chuchimaydi» degan naql ham borligini unutmaslik kerak. Allohga shukrki, bu yil mamlakatimiz mustaqilligiga ham 26 yil to‘ldi, o‘tgan vaqt mobaynida amalga oshirilgan islohotlar natijasida qator yutuqlarni qo‘lga kiritib, dunyo davlatlari orasida o‘z o‘rnimizga ega bo‘ldik. Ammo yuqorida tilga olganimiz ijro etuvchi hokimiyat faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish borasidagi qadamlarimizga qarasam, vaqt to‘xtab qolgandek tuyuladi menga.

Mustaqillikning dastlabki yillaridan «Kuchli davlatdan — kuchli fuqarolik jamiyati sari» degan demokratik g‘oyani dasturilamal qilib oldik. Bunday ezgu maqsadga yetishish uchun, tan olish kerakki, bir qancha maqtangulik yutuqlarga ham erishdik. Ammo fuqarolik jamiyatining eng muhim belgilaridan bo‘lgan jamoatchilik nazorati institutini rivojlantirish masalasiga kelganda hanuz muz ustida yurgan odamdek qadamlarimizni juda og‘ir bosyapmiz.

Bunday deyishimga sabab, O‘zbekistonda jamoatchilik nazorati instituti haligacha qonun hujjatlari orqali mustahkamlab qo‘yilmaganidadir. Ya'ni, jamoatchilik nazorati to‘g‘risidagi normalar amaldagi qonun hujjatlarida u yoki bu darajada tartibga solingan bo‘lsa-da, ammo yaxlit bir institut sifatida hech qaysi normada aks etmagan, ya'ni jamoatchilik nazorati institutining to‘liq mohiyati, jamoatchilik nazoratining turlari, shakllari va sub'yektlari, nazorat predmeti, uni amalga oshirishning huquqiy mexanizmlari, qolaversa, mazkur sohada amaldagi qonun hujjatlarini ijro etmagani uchun mansabdor shaxslarning javobgarligi shartlari kabi masalalar shu kungacha birorta qonun hujjati bilan tartibga solinmagan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov 2010 yil 12 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda Senatining qo‘shma majlisidagi «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi» nomli ma'ruzasida mazkur muammo xususida to‘xtalib,