O‘tgan yilning oxirida Karlos Teves to‘satdan «Boka Xuniors»ni tark etib, «Shanghay Shenxua» jamoasiga o‘tgandi. Sarguzashtlar bunga arzirdi – Xitoy klubi futbolchiga 40 million yevro yillik maosh va'da qilgandi. Bu summa Karlosni dunyodagi eng ko‘p maosh oladigan futbolchiga aylantirdi. Argentina klubi muxlislari Tevesdan xafa bo‘lishdi va unga Yevropadan kelganda Tevesning o‘zi aytgan bir iborani eslatishdi – «baxtni hech qanday pulga sotib olib bo‘lmaydi».

Goal.com nashrining ta'kidlashicha, transfer xitoyliklar uchun 71 million funtga tushgan. Shartnomada Teves muddatidan oldin «Boka»ga qaytishi mumkinligi, u holda argentinaliklar «Shanghay Shenxua»ga transfer qiymatining 60 foizini qaytarishi kerakligi ko‘zda tutilgandi. Tevesning o‘zi bu transferning sababi sifatida, «Boka» futbolchilariga haddan tashqari bosim borligini aytgan, ammo albatta qaytishga va'da bergandi.
Daily Mail nashriga bergan intervyusida Karlos maosh masalasida imkon qadar gap ochmaslikka uringan – «Menimcha, bunday masalalarni har yerda aytib yurish to‘g‘ri emas. Bu jamoadagi sheriklarimga nisbatan hurmatsizlik bo‘ladi. Aniq summani aytmayman, lekin aytishim mumkinki, matbuotda yoritilayotgan summalardan ko‘ra, kamroq olaman», – degandi argentinalik hujumchi.
Xitoy jamoasi Teves bilan ilk o‘yinni Avstraliyaning «Brisben Roar» klubiga qarshi o‘tkazdi va 0:2 hisobida boy berib, Osiyo Chempionlar Ligasi guruh bosqichiga o‘ta olmadi. O‘shanda hammasini adaptatsiya jarayoni bilan bog‘lashdi va Tevesga ishonishda davom etishdi.
Ammo hadeganda mo‘'jiza sodir bo‘lavermasdi. Teves doim nimadandir shikoyat qilar, unga goh noodatiy o‘yin tempi, goh noqulay mashg‘ulotlar, gohida mahalliy ovqatlar yoki turmush tarzi yoqmay qolardi. Ayniqsa, ovqat masalasi, Teves hatto Manchesterda yashaganida ham shaharda atigi ikkita qoniqarli restoran borligini aytgan, Xitoyda undan badtar bo‘lib chiqdi. Jamoa bosh murabbiyi Gustavo Poyyet ham ilk kunlarda Tevesning umuman ovqat yemaganini aytgandi.
Xitoyda tvitter o‘rnini bosadigan ijtimoiy tarmoq bo‘lmish Weibo da muxlislar Tevesni shunaqa ko‘p tanqid qilishadiki, Sergeyev hech narsa emas. Tevesning mavsum yarmini o‘ynamay o‘tkazib yuborgani, maydonga tushgan 12 o‘yinida atigi 2 gol urgani, haftasiga 634 ming funt maoshi uyoqda tursin, ayniqsa, futbolchining har doim Argentinaga qaytib ketmoqchi bo‘laverishi ham barchaning joniga tegib ulgurgan. Har qanday futbolchining maydonda muammolari bo‘lishini tushunishsa ham, bu maoshga hech bo‘lmasa Tevesdan bor imkoniyatini ishga solishini talab qiladilar.



















