Aslini olganda har qanday sog‘lom fikrli inson yaxshi anglaydiki, Islom dini markazida mo‘'tadillik g‘oyasi yotadi va unga ergashish insoniyatni hech qachon zalolatga boshlamaydi. Ammo «mo‘'tadil» tushunchasini hamma har xil tushunadigan ko‘rinadi. Kimlar uchundir mo‘'tadillik taassubga ketmaslikda bo‘lsa, kimlar uchundir mo‘'tadillik bu masjidga kelmaslikda ekan. Nima ham derdik, hammaning dunyoqarashi har xil. Mo‘'tadillikka bo‘lgan o‘zgacha munosabatni muslimalar boshi va bo‘ynini to‘sib o‘raydigan ikki enlik matoga qilinayotgan muomala yoki Qur'onga muhabbatli bo‘lib, mo‘'tadil Islomni tutgan dindorlarga beriladigan g‘alati-g‘alati savollarda ham yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Chunki hozirga kunga kelib, odamlarning fikricha, dindor bo‘lish bu jamiyatga qo‘shilishga, ilmiy yutuqlarga erishishga, xalq manfaati uchun xizmat qilishga katta to‘siqdek go‘yo. Masalan, omadli tadbirkorning, kuchli shifokor yoki biolog olimning dindor bo‘lishi odamlar ongida katta hayrat bilan kutib olinadi. «Yo‘g‘ye? Qanaqasiga? Iya, siz hali namoz ham o‘qiysizmi?».
Endi odamni o‘ylantiradigan asosiy savol quyidagicha: odamlarning ongida paydo bo‘lgan bunday standartlarga bosh aybdor kim? Javobingizni bilaman, darrov «dindorlarning o‘zi» deysiz. Chunki «radikallashib ketadiganlarning hammasi dindorlar-da» degan fikr bor xayolimizda. Ammo men sizga markaziy telekanalimizda ogohligimiz uchun muntazam ko‘rsatib turiladigan, chet ellardagi jinoiy guruhlarga qo‘shilib, keyinchalik qo‘lga tushgan «terrorchi mutaassiblarni» bir yodga olishni tavsiya qilaman. Qabih niyatli odamlar ekan, qo‘lga tushishdi. Xo‘sh, bunday vaziyatda endi bizning vazifamiz nimadan iborat? Yoki yana bitta «trimol»ni tilning tagiga tashlab, «bosh og‘rig‘i»ni unutamizmi? Yo‘q! «Kasallik»ning kelib chiqish sabablarini o‘rganamiz.
Yaxshilab e'tibor bersangiz, kamera qarshisida o‘zini xokisor tutib, «xalqimdan, prezidentimdan kechirim so‘rayman» deb o‘tirgan ana shu radikallarning aksari avval umuman dinni bilmagan odamlar. Tarixini eshitsangiz, diniy ilm olaman deb yomon «qo‘llarga» tushib qolgan yoki pul va'da qilishgani uchun shu yo‘lga kirgan bo‘ladi. Mo‘'tadil Islomni qidirib, radikal Islomga yo‘liqadi. Men albatta «radikal» va «Islom» so‘zlarini yonma-yon qo‘llaganim uchun musulmonlardan uzr so‘rayman. Aslida radikal tushunchasi chegara bilmaydi. Bir o‘zbek filmida bir ayolning Stalinning suratini oyna-poynasi bilan sindirib tashlaganini ko‘rib qo‘shnisi shaytonlab qoladi-ku, esingizdami? Ana shu, masalan, shovinistik radikalizmga bir misol. Lekin men bu maqolada «mo‘'tadil» va «radikal» so‘zlarini shartli ravishda qo‘llayapman. Sababi - Islom dinida radikal degan tushunchaning o‘zi yo‘q. Bu muqaddas din to‘laligicha mo‘'tadillika asoslangan.
Boya aytganimdek, mo‘'tadil Islom degan tushuncha aksariyat xalq uchun o‘zgacha bir yo‘sinda shakllangan. Ba'zilar uchun mo‘'tadil Islom bu – chaqaloqning qulog‘iga azon aytish, «uch, yetti, yigirma, qirqqa» borish, o‘lganda janoza o‘qish, nechadir yuz qadam bosib chiqiladigan ziyoratgohlarga borib, yig‘lab farzand so‘rash, nari borsa, o‘zlari aytgandek «jumavoy» bo‘lish. Noto‘g‘ri tushunilmasin, hech kimni ayblamayapman. Haligi, nimaydi, bu sizning konstitutsion huquqingiz. Men shunchaki jamiyatimizdagi bizni qiynab kelayotgan og‘riqli muammolarimizga kimlardir qaray olmagan rakursdan nazar tashlab, tahlil qilishga harakat qilyapman, xolos. Endi, qarang, ota-ona farzandiga mo‘'tadil Islomni ikki-uch xil marosimdan iborat deb uqtirgan taqdirda ham, musulmon odam degani fitratiga qarab, vaqti-vaqti bilan o‘zini so‘roqqa tutib turadi. Bu narsa biz xohlasak ham, xohlamasak ham yuz beradi. Ayniqsa, hozirgi kunda standartlarning oyog‘i osmondan bo‘lib, hamma har xil hayotni yashashga o‘rgangandan keyin, har qanaqa odamda so‘roq belgilari paydo bo‘la boshlaydi.
«Nega u unday, nega bu bunday? Nega u unaqa, nega bu bunaqa? Nega anavi namozxon qo‘shnimga hamma havas qiladi, lekin narigisidan hamma bezor? Nega chet ellarda yoshlar «maza» qilib yuraveradiyu, bizda esa qiyin? Nega men faqat o‘qishim kerak? O‘qib kim bo‘laman? Buvam nega o‘ldi? Endi u qayga boradi? Keyin nima bo‘ladi?»,– bular bir ikkita misollar, xolos, hammada har xil.
Mana shunaqa savollar paydo bo‘lavergach, ota-onasi chiroyli o‘zbekona tarbiya bergan farzand o‘z-o‘zidan diniy ilm olishga qiziqa boshlaydi. Nega bilasizmi? Chunki o‘zbek xalqida odob-axloq qoidalarining deyarli hammasi Islom asosiga qurilgan! O‘zbek xalqining ma'naviy-ma'rifiy merosi Islom bilan chambarchas bog‘liq. Yoshlarning mustaqil fikr yuritishni boshlaydigan o‘smirlik davrida dinga qiziqishiga sabab ham – shu. Xuddi mana shu pallada biz ana shu yoshlardan «ajrab qolyapmiz». Ya'ni ma'lum yoshlar diniy ilm olaman deb, qayerga borishni bilmay, o‘zini internetga uryapti va har xil odamlarning qo‘liga tushib, radikallashib ketyapti. Endi navbatdagi savol – ana shu yoshlar nega mo‘'tadil Islomni topolmayapti? Javob aniq: topolmaydiyam-da!
Birinchi sabab – bizda diniy ilm olish uchun imkoniyatlarning ko‘p emasligi. Dinga e'tibor, Islomiy ta'lim muassasalaridagi sharoitlar, yangi masjidlar qurilishi va hokazolar bular – boshqa mavzu. Men aynan ommaviy diniy ta'lim huquqini nazarda tutyapman. Bu haqida Shavkat Mirziyoyevdan tashabbuslar bo‘ldi, maktab dasturlariga diniy ta'limni kiritish haqida yangiliklar chiqa boshladi. Ammo bularning amalga oshishi qanchalik haqiqatga yaqin, hali bilmayman. O‘lmasak, ko‘rarmiz. Biror davlat amaldori shu maqolani o‘qib, ta'sirlanib, mayli musulmonlar uchun emas, hech bo‘lmasa yurt tinchligi, xalq farovonligi uchun bu xususda qilinayotgan tashabbuslarga o‘z hissasini qo‘shsa, diniy ilmga chanqoq yosh avlodga biz chin ma'noda mo‘'tadil Islom haqida ta'lim olishga imkoniyat yaratib bera olsak, diniy ta'lim olmoqchi bo‘lgan bola, Telegram`dagi chet eldan yuritiladigan noma'lum kanalga emas, qonuniy diniy ta'lim maskanlaridagi kurslarga borib ilm o‘rgana olsa, ana o‘shanda yoshlarning kelajagidan xavotir olmasak ham bo‘laverardi.
Ammo ikkinchi sabab borki, bu odamlarning o‘zi. Ya'ni, odamlarning o‘zi radikalizmga yo‘l ochib beryapti. Masjidga borganga yovqarash qilinsa, namoz o‘qigandan shubha qilinsa, Qur'on o‘rganmoqchi bo‘lgan haqida-ku indamay qo‘yaqolay! Ha, bu odam degani din so‘zini tilga olgan har bir musulmondan radikal deb gumon qilavergandan keyin, dindor radikallashmay, katta xolamning o‘g‘li radikallashsinmi? Odamlarga fuqarolik jamiyatimizning muhim prinsiplaridan birini tez-tez eslatib turish kerakmikan deyman-da. Diniy bag‘rikenglik! Biz demokratik davlatda yashayotgan ekanmiz, yahudiy, nasroniy, Xudosiz dahriy kabilarga bag‘rikenglik qilganimizdek, ularning konstitutsion huquqini hurmat qilganimizdek, bechora dindor musulmonga ham bag‘rikenglik qilishimiz kerak. Insof sari baraka...
Keyingi o‘rinda aybdorlikka da'vogarlar bu – OAV. Tan olish kerak, oxirgi paytda ommaviy axborot vositalari kuchli ta'sir kuchiga aylandi. Zig‘ircha xijolat qilmasdan ba'zi musulmonlarning radikallashib ketishiga bemalol OAVni ham ayblasa bo‘laveradi. Misol uchun, Londonda bo‘lgan teraktni eslang. O‘zining radikal qarashlari sabab jamiyatda yakkalanib qolgan terrorchini «musulmonlar yetakchisi» deb ko‘rsatilyapti. Yoki bo‘lmasa, terrorchilarning oila a'zolari haqida gap ketganda beriladigan urg‘ular ham ajoyib – «namoz o‘qigan», «hijob o‘ragan». Odamlarning ongini boshqarish uchun bundan ham osonroq nima bor? Ammo insof bilan yondashilsa, urg‘u beriladigan narsalar talaygina. Masalan, Yevropadagi aksar terrorchilar yaqindan o‘rganilganda, tungi klublarga muntazam qatnagani, fohishabozlikka mukkasidan ketgani, narkotik moddalar iste'mol qilgani aniqlangan. Ammo terrorizm tushunchasi negadir mana shu «klub», «narkotik», «fohishabozlik» atamalariga aloqador qilinmaydi. Nega bunday insofsizlik? Ayb kimda – OAVdami? OAV bu – jurnalistlar jamoasi degani. Endi xolis ayting, mo‘'tadil Islomni faqat bir hovuch urf-odatlardan iborat deb tarbiya berilgan jurnalistdan xafa bo‘lishimiz kerakmi, unga tarbiya bergan ota-onasidanmi, yoki ilm olishga sharoit yaratib bermagan mas'ullardanmi? Men bir nima deya olmayman, bu savolga hamma o‘zidan kelib chiqib javob beraversin. Faqat savolga javob tayyor bo‘lganda aybni birovga to‘nkamasdan, tan olishni o‘rgansak bas.
Yoshlarning mo‘'tadil Islomni topolmay gandiraklab yurishi bir muammo bo‘lsa, yuqorida ta'kidlaganimdek, mo‘'tadil Islomni amallab topganlarning mo‘'tadilligiga davomiy qilinadigan shubhalar boshqa bir jiddiy muammo. Biroz takror bo‘lsa ham aytaman, odamlar dindorlikni faqat salla, tasbeh va masjid bilan bog‘lashadi. Dunyoviy sohalarda ajoyib natijalarga erishgan, jamiyatga o‘rnak bo‘lishga-da loyiq insonlarning dindorligi odamlarni hayratga soladi. Faqat hayratga solsa qani edi, yana kamiga ularni ham «zaharlash»ga urinishadi. Axborot-texnologiyalari sohasida o‘zining jadal qadamlarini tashlab, xalq uchun katta-katta ishlar qilayotgan bir ukamiz kecha suhbat orasida bir gap aytib qoldi: «Jumaga ketayotganimni bilib, taksichi amaki menga «undan ko‘ra ilm o‘qi» deb nasihatni boshlayotgan edilar, «West»da o‘qishimni aytib, bir maza qivordimki…»
Ko‘ryapsizmi, odamlar uchun din va dunyo umuman ikkiga ajralib ketgan. Bu xulosa faqat shu holatga xos emas. Jamiyatda shunday holat. Bu yaxshilik alomati emas. Hech kimni majburlash yo‘q, biroq bu musulmonlar uchun yaxshi holat emas. Chunki, bunday munosabat bilan ana shu mo‘'tadillikni zo‘rg‘a topgan, yashashdan mazmunini tushunib yetgan, undan jamiyat faqat va faqat foyda ko‘radigan (!) yoshlarni yo radikallashtirib yuboramiz, yo iymoniga zarar yetkazamiz. Zarar yetkazish qanday bo‘ladi? Davomiy tergashlar, salbiy munosabat, doimiy yovqarashlar yoki tunov kungiga o‘xshash ko‘rsatuvlar hayot bo‘sag‘asida yo‘lini topa olmay ko‘zlari javdirab turgan yoshlarni dindan ham, hayotdan ham sovutib yuboradi! Tuppa-tuzuk yurgan bolani yo dinsiz qilamiz, yo radikal. Ammo Islomni biz emas, bizga Robbimiz belgilab bergan. Unga tegmaslik kerak. Unga daxl qilmaslik kerak. Hamma tushunadiganroq qilib aytsam, odamlarning e'tiqod erkinligini hurmat qilish kerak.
So‘ngso‘z o‘rnida ta'kidlash joizki, islomofobik qarashlarni yo‘qotish yo‘lida dindorlarning o‘zlari ham jonbozlik ko‘rsatishlari zarur. Shu sababdan musulmon do‘stlarimizga murojaatim bor. Qaysi kasb egasi bo‘lishingizdan qat'i nazar o‘z ustingizda ishlang! Alloh taolo sizga ilmni farz qilganini, nafaqat diniy, balki dunyoviy ilmlarni ham farz qilganini unutmang. Jamiyat uchun zarur kadrlarning yetishib chiqishi shu jamiyatdagi kimdir ado etishi kerak bo‘lgan farzi kifoya ekanini yodda saqlang. Aniq fanlar, tabiiy fanlar, ijtimoiy fanlarni chuqur o‘zlashtiring. Go‘zal axloq egasi bo‘lish bilan bir qatorda, o‘z sohangizga ham shunday jiddu-jahd qilingki, shunday yutuqlarga erishingki, turli sabablar bilan dindorlar haqida salbiy fikrlashga o‘rganib qolgan odamlar fikrlarini ijobiy tomonga o‘zgartirishga majbur bo‘lsinlar. Badgumon bo‘lganlaridan uyalib, qizarib qolsinlar. Diniy ilmlarni chuqur egallash mutaassiblikka emas, aksincha shaxs kamolotiga olib borishini, Allohning yo‘l-yo‘rig‘idan yurgan odamdan jamiyat faqat manfaat topishini, dindorlardan xalq farovonligi uchun zarur bo‘lgan kuchli mutaxassislar yetishib chiqishi mumkinligini o‘z misolingizda isbotlang. Bu yo‘lda Alloh taolo sizga yordamchi bo‘lsin.
Javohir Izzatulloh
Manba: azon.uz










