To‘g‘ri-da, 21-asrda, ba’zi mutafakkirlar “insoniyat o‘smirlik pallasidan o‘tdi” deb turgan bir paytda yuz berayotgan urushlar, xunrezliklar, bombalar tagida qolayotgan yosh bolalar suratlarini ko‘rib, shunchaki yuzadagi emas – chuqurroq sabablarni izlaysan kishi.

Ongli mavjudot bo‘lmish inson qavmi yetuklik payti kelib ham o‘z-o‘zini – o‘z “etini” o‘ldirayotganini ko‘rib, inson qiyofasini yo‘qotmagan har bir kishi o‘yga toladi.

Ma’naviy ustunlar

Inson ajib mavjudot. Sababi uning... dunyoqarashi mavjud. Ya’ni u dunyoni yaxlit tasavvur eta oladi. Hamda uning  – dunyoning ma’lum ma’naviy qonuniyatlar ustida qurilganini anglay oladi, amallar va narsalarni ma’naviy tarozisiga solib, “oq va qora”, “yaxshi va yomon”ga ajrata biladi. Garchi ma’naviy olamni ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmasa-da, inson uning nizomlarini his qila oladi.

Xo‘sh, Yer sayyorasida yaxshi va yomonni ajrata oladigan mavjudot hukmron ekan, qayerdan buncha mudhish, hech bir taroziga sig‘maydigan ishlar? Nega aql egasi bo‘lmish zotning ishlaridan buncha salbiy oqibatlar?

Yomonlik keltirib chiqaruvchi yaxshilik – bu qanday mumkin bo‘ladi?

Gap shundaki, avvalida yaxshi bo‘lgan ma’nolar keyinchalik salbiylashib ketishi mumkin. Qanday qilib?

Yer yuzida sodir etilgan deyarli barcha yomonliklar yaxshilik shiori ostida qilingan. Hatto Ikkinchi jahon urushiga olib kelgan, o‘ta salbiy bo‘lgan natsional-sotsializm shiorlari o‘sha paytda va o‘sha joyda odamlarning ongida yaxshilik bo‘lib gavdalangan. Boshida nemislarning madaniy birligini quvvatlash uchun shakllangan nemis millatchiligi birozdan so‘ng radikallashib, atrof-dunyoga nisbatan nafratga to‘lgan ekstremistik, irqchilik, antisemitizm, antidemokratizm, “irqiy gigiyena” – millatni “irqiy begonalar”dan va “noraso” elementlardan tozalash g‘oyasi va boshqa salbiy illatlarni o‘z ichiga olgan totalitarizm g‘oyasiga – natsizmga aylangan.

Bunaqa evrilish aynan... radikallashish evaziga sodir bo‘ladi.

Mo‘’tadillik doirasi – uning favqulodda ahamiyati haqida

Insonlarning qarashlari turlicha bo‘ladi, hatto bitta qarashning ichida ham turlanish bo‘ladi, va hatto bitta oila a’zolari ichida turlicha qarashdagi kishilar bo‘lishi mumkin, zero insonlar bir xil emas.