Bugungi hikoyamiz “Deliye va Grobari”, ya'ni sharqiy Yevropaning ikki klubi – “Tsrvena Zvezda” va “Partizan” fanatlarining o‘zaro qarama-qarshiliklari to‘g‘risida bo‘ladi.

Bryussel. 1966 yil. Butun Yevropa chempionlar kubogi finalida “Real”ga imkoniyatni boy bergan “Partizan” klubi fanatlarining bezoriliklaridan hayratda. Bryussel stadionidagi uloqtirilgan o‘rindiqlar, oynalari chilparchin bo‘lgan magazinlar buyuk nafrat va johillikning oqibati o‘laroq soqov guvohga aylangan edilar. Ammo xuddi shu holat yarim asrdan beri Belgradda bo‘lib o‘tadigan dahshat oldida hech narsa emasdi. Har yili ikki marta kuzatilardi shunday holatlar.   

1945 yilda, Belgrad ozod etilib Tito rejimi hukm sura boshlagach, sobiq Yugoslaviya davlati poytaxti Belgradda, keyinchalik Bolqon futbolini tarixida katta o‘rin tutgan ikki klub tashkil etildi. Ozodlik harakatchilari sharafiga “Partizan” nomini olgan klub hukumat jamoasi sifatida pozitsiyasida edi. Bu holatni oldinroq, Italiyada Mussolini boshqaruvi paytidagi “Latsio” yoki kastiliyalik diktator Franko davridagi “Real” o‘laroq futbol tarixi ko‘rib ulgurgan edi.

Iosip Broz Tito o‘zining partizanlik o‘tmishiga alohida urg‘u berdi va “Partizan”ning rahnamosi sifatida gavdalana boshladi, jamoaning xalqaro yurishi esa 1959 yillarga to‘g‘ri keldi. O‘shanda partizanchilar Janubiy Amerikada tashkillashtirilgan xalqaro turnir finalida “Yuventus” ustidan g‘alaba qozongan edi.

“Yuventus” prezidenti sinor Anelli “Partizan” jamoasi o‘yinlaridan shunchalik zavq oldiki, oqibatda u “Yuve”ning oq-qora liboslari komplektini jamoaga sovg‘a qildi. O‘sha paytlarda yugoslav klublari mamlakat bayrog‘iga urg‘u berishar va asosan qizil, oq va ko‘k ranglardan foydalanar edi. Kuchli klubning e'tirofini qabul qilgan “Partizan” oq-qora libosni o‘zining an'anaviy libosiga aylantirdi va “Grobari”, ya'ni “Tobutchilar” laqabini oldi. Bunday dahshatli nom albatta jamoaning ashaddiy fanatlarini ham xursand qildi, jamoaga tegishli atributkalar, “hayqiriq so‘zlari” o‘zgartirildi. Fanatlar yangi shior o‘ylab topdilar – “Barcha dushmanlarni qabrga ko‘mamiz”.      

“Partizan”dan farqli ravishda “Tsrvena Zvezda” “xalq jamoasi” statusini olgandi. Jamoa muxlislari raqibinikidan birmuncha ko‘proq, ammo u qadar uyushmagan edi. Yevropada 1959 yilda paydo bo‘lgan “grobarichilar” 7 yil o‘tiboq, yuqorida eslab o‘tganimizdek, Bryussel aholisini tahlikaga solgan bo‘lishsa, “Tsrvena Zvezda” muxlislari uzoq yillar soyada qolishdi. 80-yillarga kelibgina, Yugoslaviyada kommunistik rejim yemirila boshlagach, “Tsrvena Zvezda”ning ikki katta fan-klubi - Red Devils (“Qizil iblislar”) va  Zulu Warriors (“Zulu jangchilari”) birlashdi.

Yangi guruh “Deliye”, ya'ni “Qahramonlar” nomini oldi. Qizig‘i, “deliye” so‘zi turkchadan kelib chiqqan, ko‘proq “tentaklar” ma'nosini anglatadi. Shuning uchun ham ularni “dushmanlar” ko‘proq “tsiganlar” deb atashadi va “Ubiy Tsigu” (“Tsiganlarni o‘ldir”) banneri grobarichilarda eng mashhurdir.